29.03.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

31-HAFTA. HOMILADORLIK

Tug‘ruq tobora yaqin. Bolakay kun sayin o‘sadi, vazni oshib boradi, yangidan-yangi odatlarni o‘zlashtiradi. Ona qandaydir noqulaylikni his etadi, yurishi og‘irlashadi va nafas olishga qiynaladi. Kichkintoy borgan sayin ko‘proq joyni egallab boradi hamda ishora beradi: hademay tug‘ilaman!

Homiladorlikning 31-haftasi – bolaning vazni

Ertaklardagidek – kun emas, soat sayin o‘sib boramiz. Bolacha faol tarzda mushak massasini to‘playdi, homiladorlikning 31-haftasida bolaning vazni 1,5–1,6 kg ga yetadi, bo‘yi 39–42 sm bo‘ladi. U barmog‘ini so‘rishni o‘rgangan!

Kichkintoyning miyasi faol rivojlanishda davom etadi, asab tolalari atrofida himoya qobiqlari paydo bo‘ladi, shuning uchun bolakay impulslarni endi ancha tezroq uzatishga qodir. Yana bir muhim o‘zgarish shuki – kichkintoy endi o‘rganishga qobil bo‘ladi. Shu haftadan boshlab uning ko‘z qorachiqlari deyarli kattalarnikidek bo‘lib qolgan, homila yorug‘lik va qorong‘ilikka sezgir, terisi ostida oq yog‘li to‘qima shakllanib, bolakayning rangi biz uni chaqaloqligida ko‘rishimiz mumkin bo‘lganidek pushtirangga kirib boradi.

Endi sizning bolangiz og‘riqni his eta oladi. Agar siz bilmagan holda qorningizni odatdagidan qattiqroq bosib yuborsangiz, shu zumdayoq kichkintoyning javobini his etasiz – qimirlab norozilik bildira boshlaydi. Keskin tovushlardan seskanadi, ya’ni 31-haftadan boshlab bolaning tashqi olam signallariga ta’sirchanligi oshadi. Homiladorlikning 31-haftasida jimit onasining tovushini yaxshi eshitadi va unga atalgan alla ohanglarini tushunadi.

Homiladorlik – 31-hafta: qimirlashlar

Bu muddatda ham kichkintoy, oldin bo‘lganidek, o‘qtin-o‘qtin qo‘l va oyoqchalari bilan betartib harakatlar qilib qoladi. Lekin endi uning turtkilashlari ancha kuchli chiqadi. Onasi qorniga qarab turib, uning qa’rida “hayot qaynayotgani”ni kuzatsa bo‘ladi.

Homiladorlikning 31-haftasida jimitning o‘ziga xos harakatlari: qo‘l-oyoqlar mushaklarining rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan qimirlashlar, keskin tovush yoki cho‘chish oqibatida yuzaga keladigan silkinishlar, hiqichoq vaqtidagi o‘qtin-o‘qtin bo‘ladigan turtinishlar.

Mabodo u hozir tug‘ilsa…

Bir qarashda, avvalgi haftadan bor-yo‘g‘i yetti kun o‘tgan. Lekin bu muddatda bolajoningiz keskin o‘zgargan, hozir u bir hafta oldingi jimit emas.

Kun sayin uning o‘pka to‘qimasi “yetilib” bormoqda, alveolyar xaltachalarda epitelial hujayralar – surfaktant deb nomlanuvchi alohida moddani ajratib chiqaruvchi qatlam paydo bo‘lgan. Mazkur modda endigina tug‘ilgan odamga o‘pkasini rostlashga va mustaqil ravishda ilk bor nafas olishga imkon beradi.

Farqini anglab yetyapsizmi? 30-haftada bularning hech biri yo‘q edi. Bolakay homiladorlikning 31-haftasida tug‘ilgan taqdirda, uning yashab qolishga imkoniyati ancha salmoqli bo‘ladi.

O‘zini o‘zi insulin bilan ta’minlaydi

Oshqozon osti bezi hujayralarining miqdori ko‘payadi, uning massasi oshadi. Oshqozon osti bezi oqsillar, yog‘lar va uglevodlarni parchalash uchun fermentlarni ishlab chiqishga deyarli tayyor. Lekin bu tug‘ilgandan keyin yuz beradi.

Hozir esa oshqozon osti bezi qondagi qand darajasini me’yorda ushlab turuvchi insulin bilan mustaqil ravishda bola organizmini ta’minlab bermoqda.

Jigarning takomillashish jarayoni davom etmoqda: ayni paytda qonni toksinlardan tozalashga xizmat qiluvchi bo‘lakchalarning shakllanishi oxiriga yetmoqda. Bu muddatda kichkintoyning buyraklari yaxshigina ishga tushib ketgan, u siydigini homila atrofidagi suyuqlikka chiqarishda davom etmoqda.

Ona o‘zini qanday his etmoqda

Siz anchagina, taxminan 8,6 kilogrammga og‘irlashgansiz. Bu vazn homila, yo‘ldosh, homila atrofidagi suvlar, kattalashgan bachadon va tomirdagi qonning umumiy miqdori og‘irliklarining jamlamasidan tashkil topgandir. Qorin kattalashishda davom etmoqda. Bachadon yana ko‘tarilgan va u hozir kindikdan 11 sm yuqorida hamda qov simfizidan 31 sm balandlikda joylashgan.

Homila dadil o‘sib bormoqda va qorin bo‘shlig‘ida o‘zi uchun ko‘proq joy talab qilmoqda, shuning uchun ko‘krak qafasi hamda tosdagi noxush sezgilardan nolib o‘tirmang. Kattalashayotgan bachadon barcha organlarni “o‘rnashib olgan” joyidan qo‘zg‘atadi va ularning faoliyatida ba’zi qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bu ayniqsa oshqozonga tegishli. Shundan jig‘ildon qaynay boshlaydi. Jig‘ildon qaynashi ham buning tasdig’i.

Ortiqcha yeb qo‘yishdan ehtiyot bo‘ling!

31–32-haftalardagi homiladorlik – biror shirinroq narsani yeb ko‘rishga muttasil talab bo‘lib turadigan davr. Binobarin, ko‘p ayollarda hatto bir-biriga umuman mos tushmaydigan mahsulotlarni tanovul qilishga xohish paydo bo‘lib qolishi ham mumkin. Siz bir vaqtning o‘zida kotletni shirin pirojniy bilan, tuzlangan bodringni achchiq kofe bilan iste’mol qilgingiz, o‘ta shirin sharbatni tuzlangan baliq bilan ichgingiz va boshqa hokazo o‘zaro mos tushmaydigan taomlarni aralashtirgingiz kelib qolishi mumkin. Homilador ayol nimalarni xohlab qolmaydi deysiz!

Albatta, turli xil mahsulotlarni iste’mol qilish kichkintoy uchun foydali bo‘ladi. Lekin ortiqcha kilogrammlar haqida unutmang! Ayni shu vaqtda ular kerak bo‘lmagan joylarda to‘plana boradi. Organizm shundog‘am homiladorlik oqibatida nihoyatda katta yukka ega bo‘lib turibdi, ba’zi ayollar esa yana ortiqcha yeb uni qiynoqqa soladilar. Shuning uchun shifokorlar to‘g‘ri va qismlarga bo‘lib, kam-kamdan ovqatlanishni tavsiya qilishadi. Kuniga taxminan 6 marta ovqatlanishingiz kerak. Aks holda ortiqcha vazn ba’zi asoratlarni va shishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Homiladorlikning 31-haftasidagi muammolar

Harsillash va beldagi og‘riqlar 31-haftaning muammosi bo‘lishi mumkin. Bu odatdagi holat. Tug‘ruq jarayoniga tayyorlanar ekan, belingiz, tashbih bilan aytadigan bo‘lsak, ta’tilga chiqishga qaror qilgan bo‘ladi. Uning barcha mushak va paylari hozir bo‘shashgan, ular kelgusida tug‘ish faoliyatida to‘liq ishtirok etish maqsadida dam olmoqda.

Mazkur haftada oyoqlaringizda bo‘rtgan tomirlar paydo bo‘lish ehtimoli kuchayadi. Najotbaxsh kompression ich kiyimlar mavjudligini unutmang.

Yana homiladorlikning 31-haftasida organizm relaksin – tos suyagi birikmalarining bo‘shashishiga olib keluvchi moddani faol tarzda ishlab chiqarishni kuchaytiradi. Tos halqasi yanada qayishqoq va cho‘ziluvchan bo‘lib qoladi.

Organizm kutilayotgan asosiy voqelik soatiga tobora yaqin kelmoqda. Qadam tashlashingiz hali ham o‘rdak yurishni eslatadi, lekin bu vaqtincha, tug‘ruqdan keyin hammasi o‘z joyini topadi.

Qon bosimi. Vazn. Shishlar

Bu muddatda yo‘l qo‘yiladigan qo‘shimcha vazn haftasiga ko‘pi bilan 300 grammni tashkil etadi. Me’yordagi qon bosimi – simob ustuni 120/70 mm. Homilador ayolning himoya kuchlari 31-haftada ancha zaiflashgan, og‘iz oqarishi paydo bo‘lishi ham mumkin.

Buyraklar suyuqlikni qayta ishlash va tuzni haydab chiqarishni yetarli darajada uddalay olmasligi mumkin, buning natijasida qo‘l-oyoqlarda shishlar vujudga kela boshlaydi.

Buning oldini olish uchun quyidagilarni bajaring: o‘tirgan vaqtingizda imkon boricha oyog‘ingizni bir oz balandlikka qo‘ying; poyabzal va kiyimlar tor bo‘lmasligi kerak; tuz iste’mol qilishni cheklang; kuniga kamida bir yarim litrdan suv iching; muntazam ravishda siydik tahlilini topshirib turing; kompression kolgotka yoki paypoqlar kiying.

12870cookie-check31-HAFTA. HOMILADORLIK