19.04.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

4-HAFTA. HOMILADORLIK

Homiladorlik har bir ayolning hayotida eng hayajonli va yoqimli voqea hisoblanadi, shubhasiz. Ajoyib yangilikdan xabar topgach, har bir bo‘lg‘usi ona uning kichkintoyi qanday rivojlanayotgani, his-tuyg’u borasida va har bir bosqichda ayolning organizmida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘layotgani haqida ko‘proq bilishni istaydi. Tabiiyki, bo‘lg‘usi onalar 4-haftada homiladorlikni qadnay qilib aniqlash mumkinligini va kichkintoylari qachon tug‘ilishini hisoblab chiqishni xohlaydilar.

4-akusherlik haftasida nimalar sodir bo‘ladi?

Akusherlik hisob-kitobi bo‘yicha homiladorlikning 4-haftasida embrion endi-endi “o‘z uychasi” tomon yo‘l olayotgan bo‘ladi. Uning o‘z manziliga yetib olmagunicha va sakkiz yarim oy davomida u istiqomat qiladigan pufakcha hosil bo‘lmaguncha juda ko‘p og‘ir yo‘llarni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Bu davrning xavfliligi – bachadondan tashqari homiladorlik bo‘lib qolishi xavfining mavjudligi. Agar embrion final nuqtasiga yetishga ulgurmasa va tug‘ruq yo‘llarida ulg‘ayadigan bo‘lsa, shifokorlar bachadondan tashqari homilani qayd etadilar. Ko‘p hollarda buning muayyan sabablari bor. Shukrki, bunday holat ancha kam uchraydi. Shuning uchun ortiqcha xavotirlanishga o‘rin yo‘q. Iloji boricha og‘ir-bosiq bo‘lish va agar homiladorlik qayd etilgan bo‘lsa, uning har bir lahzasini xursandchilik bilan qabul qilish kerak.

Homiladorlikning 4-haftasidagi belgilar

Homiladorlikning 4-haftasidagi belgilarni bir qancha usullar bilan aniqlasa bo‘ladi. Birinchisi – hayz kechikishi. Ayol siklidan kelib chiqib, agar kechikish hech bo‘lmasa bir kunni tashkil etadigan bo‘lsa, qo‘rqmasdan homiladorlik testini o‘tkazish mumkin: bunda natija 98 foizgacha aniqlik bilan chiqadi.

Homiladorlikning 4-haftasida ginekolog bachadon bo‘ynida rangga va tuzilishga doir o‘zgarishlarni kuzatishi mumkin. Shunga qaramay, qat’iy bir xulosani berib bo‘lmaydi.

Bu muddatda UZI qilishga hali vaqt erta, sababi homila hali o‘z manziliga yetib borgani yo‘q. UZI natijani 8-haftaga yaqin qolganda ko‘rsatishi mumkin.

Homiladorlikning 4-haftasida homilaning rivojlanishi

Homiladorlikning 4-haftasiga qadar homila xuddi ko‘p qatlamli yalpoq diskka o‘xshash bo‘ladi. Ayni shu paytdan boshlab u muayyan o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi va borgan sayin embrionga “aylanadi”. Homiladorlikning 4-haftasida homilaning hajmi eniga – 1 mm dan oshmaydi, uzunasiga – 0.36 mm atrofida bo‘ladi. Mana shu bosqichda yo‘ldosh va amniotik suyuqlik paydo bo‘ladi.

Taajjublanarli jihati shundaki, homiladorlikning 4-haftasida bo‘lg‘usi kichkintoyning boshi shakllana boshlaydi. Shu vaqtning o‘zida uchta asosiy qatlam – ektoderma, endoderma va mezodermani ajratib ko‘rsatishadi. Aynan shular miya, qalqonsimon va oshqozonosti bezlari, qon, muskul va skeletning shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Homiladorlikning 4-haftasidagi sezgilar

Odatda, ayol kishi o‘z organizmida keskin o‘zgarishlarni his qilishi uchun bu juda qisqa muddat hisoblanadi. Faqatgina o‘ta yuqori sezuvchanlikdagina biror narsani his etish mumkin. Ko‘pincha ayol homiladorlik hissiyoti bilan hayz oldi sindromini chalkashtirib yuborishi mumkin.

Homiladorlikning 4-haftasida qorin pastida zirqiragan og‘riq, ko‘krakda sezgirlik, kayfiyatning tushib ketishi kuzatilishi mumkin – bularning hammasi shuningdek homiladorlik belgilaridir, ayrim hollarda bu muddatda toksikoz yuzaga kelishi mumkin. Lekin, odatda, onalar hatto hech qanday o‘zgarishlarni sezmaydilar. Homiladorlikning bunday qisqa muddati ayol organizmida kamdan-kam hollarda yaqqol o‘zgarishlar bilan kechadi. Ayrim hollarda hayz boshlanishini bir oz eslatadigan jigarrang ajralmalar chiqishi kuzatilishi mumkin.

Vitaminli komplekslar

Homiladorlikning dastlabki haftalaridagi eng mashhur dori-darmon foliy kislotasi hisoblanadi. Uni hatto homiladorlikni rejalashtirayotgan va unga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytdan boshlab, to homiladorlikning o‘n ikkinchi haftasigacha qabul qilishni to‘xtatmaslikni qat’iy tavsiya etishadi. Foliy kislotasi bolaning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, xususan nerv tizimi hamda ko‘pgina a’zo va to‘qimalarning rivojlanishiga yordam beradi.

Homiladorlar uchun maxsus ishlab chiqilgan vitaminlar kompleksini qabul qilsa ham bo‘ladi. Ular bola uchun foydali bo‘lgani kabi ona uchun ham foydalidir, uning suyak tizimini mustahkamlaydi va gemoglobinni bir maromda ushlab turadi.

Anesteziyaning har qanday turidan o‘zini saqlash lozim. Hatto tishlarni davolashni ham iloji boricha homiladorlikning ikkinchi trimestriga qoldirgan ma’qul. Boshqa dorilarni faqat shifokor yozib bersagina qabul qilish mumkin. O‘zboshimchalik bilan davolanish aslo mumkin emas!

Tug‘ishga qancha qoldi?

Shifokorlar tug‘ruqning dastlabki sanasini aynan akusherlik muddat bo‘yicha hisoblaydilar. Umuman olganda, u 40 haftani tashkil etadi. Aynan shularni sanab chiqib, ular tug‘ruq sanasini belgilaydilar. Lekin, umuman olganda, bola 38-haftadan boshlaboq yetilgan hisoblanadi va ayolning ixtiyorisiz mustaqil rivojlanishi mumkin bo‘ladi. Odatda bolalar 38-haftadan boshlab 42-haftagacha oraliqda tug‘iladilar. Bularning hammasi ayol organizmining xususiyatlari, uning ruhiy va jismoniy omillariga bog‘liq bo‘ladi.

2550cookie-check4-HAFTA. HOMILADORLIK