29.03.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

7-HAFTA. HOMILADORLIK

Homiladorlikning 7-haftasi bo‘yida bo‘lgandan boshlab beshinchi haftaga va hayz ko‘rish to‘xtaganining uchinchi haftasiga muvofiq keladi. Oyma-oy hisoblaganda, u ikkinchi oyning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda organizmda qayta qurilish jarayonlari yuz beradi, gormonal fon o‘zgaradi hamda homiladorlik alomatlari yanada ravshan ko‘rina boshlaydi. Ko‘pchilik toksikoz, umumiy toliqish va madorsizlikka uchraydi, lekin ayrim baxti kulganlar uchun bu tamoman yot narsalar. Lekin ayol kishining aynan shu palladan boshlab o‘zgara borishi – ayni haqiqat!

Homiladorlikning 7-haftasi – sezgilar

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu vaqtda toksikozdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Aynan u tufayli ovqatlanishda o‘zgarishlar yuz beradi: ba’zida ishtaha umuman bo‘lmaydi, ba’zida esa ayol olam-olam narsalarni yeb tashlagisi keladi. Homiladorlikning 7-haftasida turganlarning odatiy holati – lanjlik va uyquchilik. Bunga esa asosan gormonlar, aniqroq aytganda, ularning o‘zgaruvchanligi, ular nisbatidagi almashishlar sabab bo‘ladi. Ana shu sezgilar va o‘zgarishlarga qaramay, sirtdan qaraganda, homiladorlikning o‘zini hamma ham payqayvermaydi.

Bu muddatda “kutilmagan sovg‘a”lar ham oz emas. Ba’zi homilador ayollarning avvallari unchalik xushlamaydigan taomlarga nisbatan ishtahalari karnay bo‘ladi. Boshqalar ko‘plab qiziqarli narsalarni bilishga intilishadi, san’atga oshiq bo‘lib qolishadi yoki sayohatga chiqishni istab qolishadi. Umuman aytganda, homiladorlikning yettinchi haftasi o‘zining ajoyibotlarini namoyish qiladi.

Homiladorlikning 7-haftasida nimalar sodir bo‘ladi

Homiladorlikning 7-haftasida homilali ayollarga xos bo‘lgan belgi-alomatlarning hammasi namoyon bo‘ladi, lekin buni atrofdagilar hali ko‘rmasligi mumkin. Xususan, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, ko‘ngil aynishi, ishtahaning yo‘qolishi yuz berib, homiladorlik haqidagi tasavvurni ozgina xiralashtirishi mumkin. Lekin ko‘pchilik bilmaydiki, bu davrda ayolning qiyofasi o‘zgaradi va u nihoyatda chiroyli bo‘lib ketadi! Ko‘zlarda jilva barq uradi, bu shunday sir-asrorki, u faqatgina o‘zingizga ma’lum.

Oziq moddalari, mineral va vitaminlar bolaning oziqlanishi uchun ham sarf bo‘layotgani sababli ayol teri va sochlari holatining yomonlashishi ehtimoldan xoli emas. Gormonlar homilador ayollarning xloazmasi rivojlanishiga (pigmentlarning paydo bo‘lishiga) ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun to‘g‘ri ovqatlanish nihoyatda muhim, zarurat tug‘ilganda vitamin-mineralli komplekslarni qabul qilish kerak. Bu davrda foliy kislotasi alohida ahamiyatga ega, u kichkintoyning asab tizimi shakllanishi uchun o‘ta zarur.

Homiladorlikning 7-haftasidagi alomatlar

Ma’lumki, har bir homiladorlik alohida o‘ziga xos tarzda kechadi, lekin shunga qaramay, homiladorlikning 7-haftasidagi ko‘pgina alomatlar bo‘lg‘usi onalarning barchasida bir xil uchraydi. Ko‘kraklar yiriklashadi, u hajman o‘rtacha 1 o‘lchamga kattalashadi. Birgina ehtimoliy dilsiyohlik – og‘riqli sezgilarning paydo bo‘lishi. Gormonal o‘zgarishlar hisobiga yog‘li to‘qimalar qayta tarkiblanadi va ayolning qaddi-qomati yanada dumaloqroq ko‘rinish kasb eta boshlaydi.

Ayolning qin epiteliysi tez-tez yangilanib turadi, shuningdek qon quyilishi ko‘payadi, buning oqibatida homiladorlikning 7-haftasida ajralmalar arang seziladigan hid bilan ozgina sarg‘ish kela boshlaydi. Buning hammasi tabiiy va me’yordagi holatdir. Biroq homiladorlikning 7-haftasida qorin og‘rig‘i muayyan davriylikda uchrasa va qolaversa qonli shilliq chiqsa, ginekolog shifokorga ko‘rinish kerak bo‘ladi. Bu bachadon gipertonusining simptomi bo‘lishi mumkin.

Bola qanday ahvolda?

Homiladorlikning 7-haftasi embriofetal davrining boshlanishi va embrional davrning tugashi bilan tavsiflanadi. Ana shu vaqtdan boshlab kichkintoy homila deb ataladi. U barcha bichim va organlarga ega bo‘lgan jajji odamchaga aylangan bo‘ladi, faqat asab va endokrin tizimlarining yetilishiga hali vaqt bor. Bosh miya faol tarzda shakllanadi. Hafta oxiriga borib jinsiy bo‘rtiq hosil bo‘ladi, undan bo‘lg‘usida bolaning jinsiy organlari shakllanadi. Oyquloqlar to‘liq yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, lekin kichikkina dum hali saqlangan bo‘ladi. Homilaning qaddi biroz rostlanib oladi va uning bo‘yni qayerda bo‘lishini ajratish mumkin. Mazkur bosqichda qo‘l-oyoqlar aniq ko‘rinadi, lekin barmoqlar hali ajralmagan bo‘ladi. Oyoqlar qo‘llarga nisbatan biroz sekin o‘sadi.

Yuz qiyofasi ham aynan shu davrda shakllanadi. Og‘iz aniq ko‘rinadi, burun teshigi ajralib turadi va jag‘lar shakllanadi. Homiladorlikning 7-haftasi oxiriga borib homilaning hajmi 5–13 mm, vazni esa 0,8 grammni tashkil etadi. Uning jinsini UZI orqali hali aniqlab bo‘lmaydi, lekin istalsa, boshqa usullar bilan aniqlash mumkin.

Asosiy tekshiruvlar

Barcha muhim tekshiruvlar bo‘lg‘usi ona ayollar maslahatxonasiga dastlabki murojaat qilganda o‘tkaziladi. Tos suyagining hajmi va ayol vazni o‘lchanadi, infeksiya uchun mazok olinadi. Mazkur muddatda kresloda o‘tkaziladigan ko‘rik odatda amalga oshirilmaydi.

Ginekolog siydik va qon, OITV infeksiyasi, gepatit, RW (zaxm) tahliliga qon topshirish uchun yo‘llanma beradi. Terapevt va stomatolog ko‘rigidan o‘tish shart. Homiladorlikning 7-haftasida UZIga kamdan-kam holda yo‘llanma beriladi, lekin ko‘phomilalilik faktini tasdiqlash va qayd etish uchun berilishi mumkin.

Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak

Yuqorida aytib o‘tilganidek, bu vaqtda bola tushishining xavfi yuqori bo‘ladi. Paydo bo‘lgan toksikoz sababli ayol o‘zini biroz noqulay his qiladi. Bunday erta muddatda bola ham ancha zaif bo‘ladi, chunki bu davrda rivojlanishning og‘ir illatlari shakllanishi mumkin. Ularni chetlab o‘tish uchun shifokorning tavsiyalariga to‘liq rioya qilish kerak.

Homiladorlik davrida narkotik moddalar, alkogol mahsulotlari va dorilarni qabul qilish mumkin emasligini unutmaslik kerak, chekishdan ham voz kechish darkor. Bularning barchasi bolada o‘zining salbiy asoratini ko‘rsatishi mumkin. Infeksiya tushishidan va o‘zboshimchalik bilan davolanishdan saqlanish kerak.

Homiladorlikning yettinchi haftasi – ayollar maslahatxonasida hisobga turish va davolovchi shifokorning ko‘rsatmalariga rioya qilishning zarur davri hisoblanadi.

4640cookie-check7-HAFTA. HOMILADORLIK