25.04.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Bachadon bo’yni eroziyasi — sabablari, alomatlari, xavfi, davolash choralari

Bachdon bo’yni eroziyasi (endoservikoz, bachadon bo’yni ektopiyasi) — a’zoning vaginal qismidagi shilliq qavati yaxlitligi buzilishi, defekti yoki yaralar bilan qoplanishidir. Eroziya bachadon va uning ortiqlariga infektsiya kirishiga yo’l ochadi va kichik chanoqning surunkali yallig’lanish kasalliklari rivojlanishiga sabab bo’ladi, hatto bepushtlikka olib kelishi ham mumkin.

Ginekolog qabulida deyarli har ikkinchi bemorga bachadon bo’yni eroziyasi tashxisi qo’yiladi. Umuman olganda, bu kasallik bola tug’ish yoshidagi ayollarda eng ko’p uchraydigan patologiyalardan biridir. Bachadon eroziyasining eng xavfli asorati — uning yomon sifatli o’simtaga aylanishi ehtimoli mavjudligi. Shuning uchun bu kasallikni imkon qadar tezroq aniqlash juda muhim ahamiyatga ega.

Sabablari

Patologiyaning ko’plab sabablari va uning rivojlanishiga turtki bo’luvchi omillar mavjud, ularning asosiylari:

  • Gormonal buzilishlar va immunitetning pasayishi;
  • Hayz sikli buzilishlari;
  • Jinsiy hayotning juda erta boshlanishi, shuningdek, erta homiladorlik va tug’ruq;
  • Jinsiy hamrohlarning tez-tez o’zgarishi;
  • Shaxsiy gigienaga amal qilmaslik;
  • Og’ir tug’ruq, abort va boshqa tibbiy manipulyatsiya natijasidagi mexanik jarohatlar;
  • Vaginal kontratseptivlarni noto’g’ri ishlatish yoki noto’g’ri chayish, juda qo’pol jinsiy aloqa;
  • Siydik-tanosil tizimining yallig’lanishli va infektsion kasalliklari, shu jumladan ularni kech va noto’g’ri davolash;
  • Bakterial va virusli kasalliklar;
  • Irsiyat.

Alomatlari

Bachadon bo’yni eroziyasi bilan bog’liq vaziyat bu kasallikning aniq belgilari yo’qligi va ko’p hollarda o’zini umuman namoyon qilmasligi bilan murakkablashadi. Ammo eroziya rivojlanib borishi bilan bemorlar o’zlarida quyidagi belgilarni aniqlashlari mumkin:

  • Menstruatsiyalar orasida qonli, ba’zan esa yiringli ajralmalar ajralishi, masalan jinsiy aloqadan keyin;
  • Qindan yoqimsiz hidli ajralmalar kelishi;
  • Menstruatsiyaning har doimgidan ko’ra uzoqroq davom etishi, ko’proq qon ketishi;
  • Siydik chiqarish yoki jinsiy aloqa paytida qorinning pastki qismidagi og’riqlar.

Har qanday holatda, shuningdek kolposkopiya ham amalga oshiriladi (bachadon bo’yni va qinni kattalashtiruv ostida tekshirish) va onkologik kasalliklarni istisno qilish uchun eroziya yuzasidan surtma olinadi va tahlil qilinadi. Bachadon bo’ynini tasvirni 25-32 marta oshiradigan optik asbob bilan tekshirish mutlaqo og’riqsiz hisoblanadi.

Ushbu manipulyatsiya shifokorga aniq tashxis qo’yish va to’g’ri davolash choralarini belgilash imkonini beradi. Bundan tashqari, jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalar va viruslar, OIV va gepatitlar, flora sinovlari va boshqa kasalliklar uchun tahlillar o’tkaziladi.

Tasnifi

Ginekologiyada kasallikning bir necha turlari ajratiladi: chin, psevdoeroziya va tug’ma.

Chin eroziya

Chin eroziya deyilganda aynan o’sha ginekologik tekshiruvlarda bosilganida qonaydigan yorqin qizil dog’ tushuniladi. Bunday eroziya shunisi bilan xavfliki, zararlangan hududlarda yiring paydo bo’lishi mumkin. Qoida tariqasida, chin eroziya ikki hafta davom etadi, keyin u biriktiruvchi to’qima bilan qoplanadi va psevdoeroziyaga aylanadi.

Psevdoeroziya

Diametri 5 mm ga teng bo’lgan dumaloq qizil hududni nazarda tutadi. Uning ustida ham yiring hosil bo’lishi mumkin, ayniqsa kasallik uzoq vaqtdan beri davom etayotgan bo’lsa. Psevdoeroziya qonida ayol gormonlari darajasi yuqori bo’lgan qizlar uchun xos sanaladi, bunda patologiya bachadon bo’yni kanali chegarasidan tashqariga chiqishi ham mumkin. Psevdoeroziya yomon sifatli o’smaga aylanishi mumkinligi bilan xavfli sanaladi.

Tug’ma eroziya

Ba’zan yosh yoki o’smir qizlarni ko’rikdan o’tkazayotganda, ginekolog bachadon bo’ynida silindrik epiteliy siljishini aniqlaydi, kolposkopiyada esa uni yorqin qizil rangga bo’yalganini ko’rish mumkin. Bu tug’ma eroziya deb ataladi va uni davolashga hojat yo’q, chunki amalda u hech qachon onkologik kasallikka aylanmaydi.

Tashxislash

Kasallikning aniq bir belgisi mavjud emasligi, bemorni shikoyat qilishiga sabab boʻluvchi holatlar kuzatilmasligi tufayli patologiyani tashxislash biroz murakkab hisoblanadi.

Bemorni tekshirish vaqtida ginekolog dastlab bachadon bo’ynini ko’zgular yordamida tekshiradi. Natijada, uning shilliq qavatida ginekologik asbob bilan aloqa qilganda qonaydigan, sog’lom to’qimalar fonidagi yorqin qizil rangli dog’ ko’rinishdagi epiteliy nuqsonlarini aniqlash mumkin. Eroziya turiga qarab, kasallikning boshqa tashqi belgilari ham mavjud bo’ladi.

Chin eroziyalar yorqin pushti rangda, displaziya sohalari sariq rangda, atipik oʻchoqlar esa oqish rangda koʻrinadi. Shilliq qavat displaziyalariga gumon qilinsa, u sohadan biopsiya uchun naʼmuna olinadi va gistologik tekshiruv oʻtkaziladi.

Bachadon bo’yni eroziyasini davolash

Bachadon bo’yni eroziyasini davolash majburiy hisoblanadi, chunki bu kasallikni e’tiborsiz qoldirish yomon yoki yaxshi sifatli o’smalar, shuningdek, kasallikning og’ir shakllari rivojlanishiga olib keladi. O’z vaqtida o’tkazilgan keng qamrovli terapiya ayollarning salomatligiga hech qanday zarar yetkazmaydi, aksincha umuman olganda ijobiy ta’sir ko’rsatadi.

Kasallikni operatsiyasiz davolash ham samarali bo’lishi mumkin, bunda muayyan usul kasallikning og’irlik darajasi, kattaligi, shikastlanish tuzilishi va birgalikda kechayotgan kasalliklar mavjudligiga qarab tanlanadi. Eroziyani davolashning bir qismi sifatida bemorlarga yallig’lanishga qarshi va gormonal, shuningdek antibakterial va antivirus, jumladan, mahalliy ta’sir ko’rsatuvchi preparatlar buyuriladi.

Yordamchi davolash sifatida odatda immunitetni oshiruvchi va umumiy mustahkamlovchi vositalar tayinlanadi. Agar patologiya erta bosqichda aniqlansa, u jarrohlik usullaridan foydalanmasdan ham butunlay davolanishi mumkin.

Invaziv usullar

Ba’zi bachadon eroziyasi hollari jarrohlik yordamida davolanishni talab qiladi, ular hozirgi kunda bir necha samarali usulda o’tkazilishi mumkin.

  1. Lazerli olib tashlash — eng samarali va eng zamonaviy usuldir, u sog’lom to’qimalarga zarar yetkazmasdan eng yuqori darajadagi aniqlik bilan kesish imkonini beradi. Natijada operatsiya joyi tezda (4-6 haftagacha) va chandiqlanmasdan tuzalib ketadi. Odatda, lazerli davolash ilgari tug’magan ayollar uchun tavsiya etiladi.
  2. Kriodestruktsiya — bachadon bo’yniga suyultirilgan azot bilan ishlov berish, ya’ni uni muzlatish bilan davolashni nazarda tutadi. Sovuq harorat ta’sirida to’qima hujayrasidagi suv kristallanadi, natijada zararlangan sohaning hujayraviy tuzilmasi buziladi. Bunday holatda tuzalib ketish muddati 8-10 hafta bo’ladi, lekin ushbu davolash usuli keyingi uzoq muddatli shifokor nazorati ostida bo’lishni nazarda tutadi, chunki nosog’lom hujayralar bilan birga sirt qatlamiga ham zarar yetkazilishi mumkin.
  3. Diatermokoagulyatsiya — bachadon bo’yni eroziyasini yuqori chastotali elektr toki bilan kuydirish. Bu ayollar konsultatsiyasida ushbu patologiyani davolashning eng keng tarqalgan usul hisoblanadi, ammo u juda og’riqli bo’lib, keyinchalik chandiq hosil bo’ladi. Bunday davolanish farzandlari bo’lgan va tug’ishni rejalashtirmayotgan ayollarga tavsiya etiladi.
  4. Kimyoviy koagulyatsiya — bu usulda zararlangan bachadon bo’yni sohasiga kasal hujayralarni yemirishga qaratilgan maxsus preparatlar bilan ishlov beriladi. Bu muolajadan keyin chandiqlar qolmaydi, shuning uchun davolash usuli tug’magan ayollarga ham mos keladi.
  5. Radioto’lqinli davolash — eroziyali bachadon bo’yni sohasiga radioto’lqinlarning yuoqri energiyasi bilan ishlov beriladi va to’qimaga hech qanday bosim tushmasligi sababli to’qimalar minimal darajada zararlanadi. Kuyish butunlay mustasnodir, chunki bu usul zararlangan hujayralardagi suv molekulalarining bug’lanishiga asoslanadi. Natijada, chandiq shakllanmaydi va tuzalish vaqti 3-5 haftani tashkil etadi. Radioto’lqinli davolash og’riqsiz hisoblanadi.
  6. Elektroekstsiziya — bachadon bo’ynining zararlangan hududini maxsus elektr tig’ yordamida kesib tashlashni nazarda tutadi.

Tug’magan ayollarda bachadon bo’yni eroziyasini davolash shart emas degan fikr mavjud. Agar bachadon bo’yni eroziyasi hajmi kichik bo’lsa, bu ba’zan fiziologik norma hisoblanadi va doimiy nazorat qilishdan tashqari, organizmga boshqa aralashuvlar belgilanmaydi.

Ammo shuni yodda tutish kerakki, hatto bunday kichik eroziya ham infektsiya uchun kirish eshigi hisoblanadi, demak jinsiy a’zolar kasalliklari paydo bo’lishiga bilvosita yordam berishi mumkin.

Yana bir sababi, oldingi vaqtlarda tug’magan ayollarga kuchli zarar yetkazmaydigan usullar mavjud emas edi, barchasi chandiq va boshqa asoratlar qoldirardi. Ammo bugungi kunda barcha shart-sharoitlar mavjud, shuning uchun eroziyani davolashni kechiktirmaslik tavsiya etiladi.

Reabilitatsiya davri

Bachadon eroziyasini davolash usuli qanday bo’lishidan qat’iy nazar, muolajalardan keyin ba’zi tavsiyalarga amal qilish kerak, jumladan, 6 hafta davomida jinsiy faoliyatni to’liq rad etish. Jinsiy aloqa qilishni davom ettirish faqatgina bachadon bo’yni tekshiruvini o’takzish asosida olingan ma’lumotlarga ko’ra ginekolog ruxsatidan keyin mumkin hisoblanadi.

Bundan tashqari, bu vaqtda vannalar, saunalar, suzish havzalariga borish, hammomga kirishdan saqlanish kerak. Gigienik tamponlarni ham vaqtincha ishlatmaslik tavsiya etiladi. Og’irlik ko’tarish va jismoniy faollik bo’yicha cheklovlar mavjud.

Eroziyani xalqona tabobat yordamida davolash usullari, odatda, u yoki bu vositali tamponlardan foydalanish yoki turli chayishlarni o’z ichiga oladi, ular esa bu patologiyani davolay olmaydi. Biroq, ularning ba’zilari operatsiyadan keyingi davrda tiklanish uchun yordam beradi.

Bundan tashqari, terapiyadan so’ng, ayollar qin ajralmari holatini kuzatish darkor, ularning ko’payishi tiklanishning normal qismidir:

  • Agar ajralma pushti yoki jigarrang, biroz qon aralashgan shaffof suyuqlik bo’lsa va miqdori ko’p bo’lmasa, u holda tashvishlanishga hojat yo’q. Barchasi asoratlarsiz kechmoqda.
  • Operatsiyadan 8-20 kun o’tgach, bir necha soat ichida yakunlanadigan yengil qon ketishi kuzatilishi mumkin. Bu oddiy fiziologik jarayondir.
  • Ajralmalar qonsimon va miqdori ko’p bo’lsa, og’riq va isitma bilan davom etsa, imkon qadar tezroq shifokor bilan bog’lanish yoki tez yordam chaqirish kerak, chunki bunday holat darhol shifokor aralashuvini talab qiladi.

Bachadon eroziyasini muvaffaqiyatli davolashdan keyin ayollar homiladorlikni hech bir qo’rquvsiz rejalashtirishlari mumkin. Ayniqsa, bunda barcha surunkali kasalliklar ham davolangan bo’lsa. Zamonaviy operatsiyalardan keyin hech qanday qarshi ko’rsatmalar mavjud emas.

Oldini olish

Eng asosiy va muhim profilaktik chora — bu ginekolog tekshiruvlaridan muntazam o’tib turish, shunda shifokor bachadon bo’yni va qin shilliq qavatidagi barcha o’zgarishlarni vaqtida aniqlab, bartaraf etishga kirishadi.

Bundan tashqari, reproduktiv tizimning boshqa kasalliklarini davolashga ham e’tibor qaratish lozim, chunki ular shilliq qavatning shikastlanishiga olib kelishi, bu esa kelajakda eroziyaga olib sabab bo’lishi mumkin. Ushbu patologiyada odatda bemor ayolda hech qanday alomat kuzatilmasligi (jinsiy aloqa vaqtida ba’zan noxush his-tuyg’ular va unda keyin kichik qon ketishlardan tashqari) sababli, aniq tavsiyalar mavjud emas.

Albatta, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish va tasodifiy jinsiy aloqalardan qochish bilan doimiy jinsiy hamrohning mavjudligiga e’tibor berish kerak, ammo bu salomatlikni saqlashning umumiy normalari hisoblanadi.

Kasallik aniqlanganda undan qo’rqmaslik zarur, ayniqsa bugungi kunda avaylovchi juda ko’p davolash usullari mavjudligini hisobga olganda. Buning o’rniga, o’z vaqtida davolanmaslik oqibatlaridan ehtiyot bo’lish kerak, chunki bu saraton kasalligining boshlanishiga qadar turli xil asoratlarga olib keladi.

Bugungi kunda eroziya samarali davolanmoqda, shu sababli uni uy sharoitida mustaqil davolashga, xalq tabobati vositlarini qo’llashga hojat yo’q, ular bir ko’rinishda samara berishdek taassurot uyg’otsa ham, mavjud vaziyatni og’irlashtirib yuborishi mumkin.

10100cookie-checkBachadon bo’yni eroziyasi — sabablari, alomatlari, xavfi, davolash choralari