24.04.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Bachadon tushishi — sabablari, belgilari, tashxislash, davolash, oldini olish

Bachadon tushishi — uning noto’g’ri joylashuvi, ya’ni bachadon tubi va bo’ynining anatomik chiziqdan pastroqqa siljishidir. Ushbu holat chanoq tubi mushaklari va bachadon boylamlarining zaiflashuvi tufayli sodir bo’ladi. Odatda bu holat tug’ruqdan keyin yoki menopauza davrida kuzatiladi.

Bachadon tushishi sabablari

Ushbu a’zoning tushishi yoxud prolapsiga olib keladigan bir nechta asosiy sabablar mavjud, ularga:

  • Tug’ruq, shiptsilar qo’yish, vakuum, jinsiy a’zolarda o’tkazilgan operatsiyalar, oraliqning yorilishi oqibatida chanoq tubi mushaklarining jarohati;
  • Siydik-tanosil tizimi innervatsiyasi buzilishi;
  • Estrogen tanqisligi — odatda tabiiy menopauza yoki xirurgik menopauzadan keyin kuzatiladi;
  • Biriktiruvchi to’qimada displastik jarayonlar;

Boshqa sabablar orasidan quyidagilarni ajratib ko’rsatish mumkin:

  • Katta o’lchamli farzand dunyoga keltirish;
  • Uzoq davom etadigan va ko’p sonli, shuningdek og’ir jarohatli tug’ruqlar;
  • Operatsiyalar;
  • Semizlik;
  • Surunkali respirator kasalliklar.

Alomatlari

Bachadon prolapsida anatomik noqulaylik — ayollar qiladigan yagona shikoyat emas. Vaqt o’tishi bilan seziladigan muammolar soni ko’payib boradi.

Dastlabki bosqichlarida patologiya tortuvchi og’riqlar, qorinning pastki qismi, dumg’aza, belda bosim, qinda yot jism mavjudligi hissi, jinsiy aloqaning og’riqli bo’lishi, qindan oqimtir va qonli ajralmalar kelishi, hayz siklining o’zgarishi (qon miqodining ko’payishi, og’riqning kuchliroq sezilishi) bilan namoyon bo’ladi.

Keyinchalik bu belgilar qatoriga urologik muammolar qo’shiladi: tez-tez peshob chiqarish va uning qiyinligi, siydik chiqarish a’zolarida dimlanish (buyrakda, siydik chiqarish a’zolarida yallig’lanish jarayonlariga olib kelishi mumkin). Ba’zan peshob tuta olmaslik qayd qilinadi.

Qorin gazlari va najasni tuta olmaslik, qabziyat, kolit kuzatilishi mumkin. Prolapsli bemorlarda ko’pincha kichik chanoq venalarining varikoz kengayishi aniqlanadi. Bu og’riqni yanada kuchaytirishi mumkin.

Tashxislash

Ginekolog bachadon tushishini quyidagi klinik ko’rsatkichlarga asoslanib aniqlashi mumkin:

  • I daraja. Bachadon bo’yni kanali me’yordan pastroqda joylashgan bo’ladi, biroq hatto kuchanish holatida ham jinsiy yoriqdan chiqmaydi.
  • II daraja — noto’liq tushish. A’zo kuchanish yoki ba’zan oddiy hollarda ham qisman jinsiy yoriq chegarasidan chiqib turadi.

    Birinchi va ikkinchi darajada a’zo dam olish yoki maxsus mashqlar bajarishdan so’ng o’z joyiga qaytishi bilan xarakterlanadi.

  • III daraja — to’liq tushish. Bachadon jinsiy yoriqdan oddiy sharoitda ham, yo’tal, yengil kuchanishda ham butunlay tashqariga chiqa boshlaydi. A’zo o’z joyiga mustaqil ravishda qaytmaydi.

Shuni ta’kidlash kerakki, bachadon prolapsi o’z-o’zidan bo’lmaydi. Odatda unga qin pasayishi yoki tushishi hamrohlik qiladi. Qin prolapsi qisman (old yoki orqa devor tushadi) yoki to’liq bo’lishi mumkin. Bu o’z navbatida, to’g’ri ichak old devori (rektotsele) yoki siydik pufagining orqa devori tushishi (vezikotsele) bilan bog’liq bo’ladi.

Davolash

Har bir individual holatda davo choralari bemor anamnezi, tana massasi indeksi, ishlash va dam olish tartibi, ovqatlanishi va boshqa omillarni inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Terapiya konservativ va jarrohlik usullariga ajratiladi.

Konservativ terapiyada pessariylar — bachadon bo’ynini fiksatsiyalovchi qurilmalar belgilanishi mumkin. Bu qurilmalarni 3-4 haftadan ortiq uzluksiz taqish tavsiya etilmaydi, aks holda shilliq qavatni shikastlashi va qon aylanishini buzishi, yotoq yaralar hosil qilishi mumkin. Orada tanaffuslar qilish joiz. Shu maqsadlarda vaginal diafragma tayinlanishi mumkin. Maxsus qurilmalar bilan davolash sifatida antiseptik preparatlar buyuriladi, ular shilliq qavat infektsiyalanishi va jarohatlanishini oldini oladi.

Jarrohlik usulida davolash qin devorlarini tiklash maqsadida to’qimlarni kesish, tikishni o’z ichiga oladi.

Davolanish davomida muayyan mashqlarni bajarish juda samarali hisoblanadi. Ular chanoq tubi mushaklari sifatini to’g’ri va uzoq muddatga tiklash imkonini beradi.

Bachadon prolapsini oldini olish

Bunday nuqsonlarning rivojlanishi ildizi bolalik, balog’at yoshlariga borib taqaladi. Bu vaqtda qomatni nazorat qilish, tana vazni ortiqcha bo’lishini oldini olish, 10 kgdan ortiq vazn ko’tarmaslik kerak. Shuningdek, bolalikdanoq oqilona ish va dam olish tartibiga amal qilishga o’rganish lozim.

Tug’ruq vaqtida malakali akushker yordami talab etiladi, jarayonning uzoq cho’zilishiga yo’l qo’ymaslik kerak.

Ich qotishiga moyil bo’lgan ayollarga parhezga amal qilish korsatiladi. Tug’ruqdan keyingi davrda chanoq tubi mushaklarini tiklash uchun terapevtik gimnastika va mikroelektrostimulyatsiya tavsiya etiladi.

Mutlaqo har bir ayolga bachadon tushishini oldini olish uchun gimnatsika yordam beradi. Bunda «qaychi», «velosiped» kabi mashqlar samarali hisoblanadi. Bu gimnastikaga Kolpeksin trenajyorini qo’shish ham mumkin.

Kegel mashqlari

Chanoq tubi mushaklarini samarali mustahkamlash uchun muntazam ravishda Kegel mashqlarini bajarib turish kerak. Ularning davriyligi va takrorlash sonlari bosqichma-bosqich oshirib borilishi mumkin. Mashqlar stul chetida o’tirgan holda 3 bosqichda amalga oshiriladi:

  • Birinchi bosqich. Huddi peshob chiqarishni to’xtatishga uringan kabi mushaklar asta-sekin qisqartira boshlanadi. Uchgacha sanaladi, so’ng bo’sh qo’yiladi. Ushbu mashqlarni har kuni takrorlash miqdorini oshirgan holda bajarish kerak.
  • Ikkinchi bosqich. Mushaklarni imkon qadar tezda qisqartirib, bo’shashtirish kerak.
  • Uchinchi bosqich. Itarib chiqarish. Bunda defakatsiyadagi kabi kuchanish lozim.

Kerakli natijaga erishish uchun har bir bosqichdagi mashqlarni kuniga kamida 200 martadan takrorlash tavsiya etiladi. Kegel mashqlariga qo’shimcha sifatida qorin, sonning ichki yuzasi mushaklarini mustahkamlovchi har qanday mashqlar, ginekologik massaj, suvli muolajalar (maxsus dush) kiritish yanada yaxshiroq natijalarga erishish imkonini beradi.

10030cookie-checkBachadon tushishi — sabablari, belgilari, tashxislash, davolash, oldini olish