29.03.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Chaqaloq kindigini parvarishlash — vositalar, artish qoidalari, tavsiyalar

Chaqaloq kindigi — bu go’dakni bachadondagi hayoti davomida ona bilan bog’lab turuvchi a’zodir. Tug’ruqdan so’ng shifokorlar kindik naychasini kesib tashlashadi va agar bu onaga ta’sir qilmasa-da, bolada alohida parvarishni talab qiladigan bitmagan yara qoladi.

Bugungi kunda zamonaviy shifokorlar kindik naychasini kesib, uni tibbiy qisqich yordamida qisib qo’yadigan kichik bir uchini qoldirishadi. 4-7 kundan so’ng kindikning bu qismi tabiiy ravishda qurib uziladi. Shundan so’ng kindikning joyida parvarishni talab qiladigan yara hosil bo’ladi.

Agar chaqaloq parvarishining barcha qoidalariga rioya qilinsa, uning kindigi 10-12 kunga kelib tuzalib ketadi. Ammo agar tegishli parvarish qilish e’tiborsiz qoldirilsa yoki noto’g’ri amalga oshirilsa, yara joyiga infektsiya tushishi xavfi paydo bo’ladi.

To’g’ri yondashuv bilan to’liq tiklanish davri bir necha haftani tashkil etadi.

Tug’ruqxonada parvarishlash

Chaqaloq tug’ilgandan bir necha daqiqa o’tgach shifokorlar kindik naychasini kesib, unga dezinfektsiyalash vositasi bilan ishlov berib, maxsus qisqich bilan qisib qo’yishadi. Tug’ruqxonada kindikni parvarishlash pediatr tomonidan amalga oshiriladi.

Agar bu chaqaloq onaning birinchi farzandi bo’lsa, shifokor qanday muoalajalar qilayotganini kuzatish tavsiya etiladi, chunki tez orada ona bunday muolajani muntazam va mustaqil ravishda bajarishi lozim bo’ladi.

Ba’zida bola kindigi tug’ruqxonadan javob berishgacha muddat ichida mumiyolanishga ulguradi. Ammo bu chaqaloqning xususiyatlariga bog’liq va agar kindik qalinlashgan bo’lsa, unda ajralish jarayoni ham ko’proq vaqt talab etadi.

Uyda kindikni qanday parvarish qilish kerak

Kindik yarasi chaqaloqning zaif joyidir, unga infektsiya tushib qolmasligi, shuningdek, chaqaloqqa noqulaylik tug’dirmasligi uchun malakali parvarish zarur.

Pediatrlar kindikni quyidagi vositalar bilan parvarishlashni tavsiya etadilar:

  • Vodorod peroksid (3% eritma);
  • Spirtli suv eritmasi (1% li brilliant yashili yoxud zelyonkadan foydalanish);
  • Moychechak eritmasi.

Muolaja o’tkazish uchun steril paxtali bolishchalar, paxtali tayoqchalar, pipetka va salfetka kerak bo’ladi. Tug’ruqxonadan javob berilganda keyin birinchi haftada kindikka kuniga 1-2 marta ishlov berish tavsiya etiladi. Juda tez-tez parvarish choralari chaqaloqning nozik va sezgir terisida ta’sirlanish keltirib chiqarishi mumkin.

Muolaja chaqaloqni cho’miltirishdan so’ng amalga oshirilishi kerak, cho’miltirish vaqtida esa kindikni moychechak eritmasi bilan yengil yuvish mumkin.

Vodorod peroksid eritmasiga botirilgan paxtali tayoqcha bilan yara joyi yengillik va muloyimlik bilan artib chiqiladi. Agar peroksid ko’pirib, shivillagan ovoz chiqarsa, vahima qilmang, bu infektsiya mavjudligini anglatmaydi, shunchaki kindikda qon qoldiqlari borligidan dalolat beradi, buning xavfli joyi yo’q.

Artilgach, yara joyi paxtali bolishcha yoki quruq mato yordamida yaxshilab quruq qilib artib olinishi zarur. So’ng yaraga brilliant yashili eritmasi surtiladi, u yarani quritadi va infektsiyalanish xavfini kamaytiradi. Eritmani surtganda yaraning holati ko’rinadigan bo’lib qolishi kerak. Bundan tashqari, uni haddan tashqari ko’p surtish bolaning terisini kuydirishi mumkin, shuning uchun bu masalada juda ehtiyot bo’lish kerak.

Cho’miltirish va kiyintirish

Cho’milish kindik yarasiga zarar yetkazmaydi. Ayniqsa, agar shifokorlarning tavsiyalariga amal qilinsa va vanna uchun suvga ozgina kaliy permanganat (margansovka) qo’shilsa. Bunda margansovka miqdori chamalab aniqlanadi, oz-ozdan qo’shib borishda xato qilish qiyin — vannadagi suv och pushti rangga kirishi kerak. Kaliy permanganat suvni zararsizlantiradi va agar mavjud bo’lsa, undagi bakteriyalarni o’ldiradi.
Chaqaloqni cho’miltirish haqida batafsil→

Kiyimlarga kelganda, ular hali tuzalmagan kindik bilan aloqa bo’lganda noqulaylik tug’dirmaydigan bo’lishi kerak. Kiyimlar yumshoq, teginish yoqimli va qismaydigan bo’lishi tavsiya etiladi. Taglik kiyidirishda esa u kindik bilan aloqa qilmasligini ta’minlash juda muhim, agar bu qiyin bo’lsa, maxsus kesimga ega bo’lgan tagliklarni sotib olish afzal.

Pampers va tagliklar doimiy ravishda almashtirib turilishi kerak, ularni almashtirishda najas yaraga tushishiga yo’l qo’ymaslik lozim.

Qachon pediatrga murojaat qilish kerak?

Chaqaloqning kindigini to’g’ri parvarish qilish yarani erta tuzalishini ta’minlaydi. Ammo agar ota-onaning e’tiborsizligi yoki boshqa sababga ko’ra yaraga infektsiya tushib qolsa, iloji boricha tezroq mutaxassisga murojaat qilish joiz.

Pediatrning aralashuvi muqarrar bo’lgan holatlar quyidagilardir:

  • Kindik doimo nam bo’lsa;
  • Ajralmalar yoqimsiz hidga ega bo’lsa;
  • Yara atrofidagi teri yallig’lansa;
  • Kindikdan qonli ajralmalar kelsa.

Agar biron bir muammoga aniqlansa, pediatr bolani tekshiradi, yangi tug’ilgan chaqaloqning kindigini qanday parvarishlash kerakligini batafsil ko’rsatib tushuntirib beradi va ishlov berish uchun yangi vositalar tayinlaydi.

Yosh onalar bunday muammolarni mustaqil hal qilishlari, internetdan javob topishlari yoki tibbiy mutaxassisligi bo’lmagan dono buvilarning maslahatlarini tinglashlari tavsiya etilmaydi. Esda tutish kerak — chaqaloqlar individual xususiyatlarga ega va u yoki bu muammo turli sabablarga ko’ra yuzaga kelgan bo’lishi mumkin.

9000cookie-checkChaqaloq kindigini parvarishlash — vositalar, artish qoidalari, tavsiyalar