25.04.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Gemorroy ( bavosil ) kasalligi — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish

Gemorroy (qad. yun. αἷμα — «qon» va ῥοῦς — «oqishi»), bavosil — to’g’ri ichak atrofida tugun hosil qiladigan gemorroidal venalarning trombozi, yallig’lanishi yoki patologik kattalashishi va buralib qolishi bilan bog’liq kasallik.

Sabablari

Kasallikka moyillik nasldan-naslga o’tishi mumkin, lekin bunda ham keltirib chiqaruvchi omillar ta’sirisiz kasallik o’zini namoyon qilmaydi. Bavosilni keltirib chiqaruvchi va uning rivojlanishiga turtki bo’luvchi omillarga quyidagilar kiradi:

  • O’troq kasb;
  • Semizlik;
  • Irsiy moyillik;
  • Kamharakat turmush tarzi (gipodinamiya) yoki kamharakatlik bilan bog’liq ish;
  • Mushaklarning haddan ortiq kuchanishi bilan bog’liq faoliyat;
  • Stress;
  • Tez-tez ich qotishi;
  • Infektisya tushishi;
  • Ichak va jigarda yallig’lanish va onkologik jarayonlar;
  • Noto’g’ri ovqatlanish;
  • Chekish.

Tasnifi

O’tkir gemorroy — yoxud anorektal tromboz, ichki va tashqi gemorroidal tugunlarning tromblanishi. Jarayonga kuchli og’riq hissi hamrohlik qiladi, chunki tugunlar ko’p sonli retseptorlar bilan ta’minlangan. O’z navbatida patologiyaning o’tkir shakli uch turga bo’linadi:

  1. Yallig’langan tugunlarda nosog’lom ko’karish aniqlanadi, palpatsiyada og’riq seziladi.
  2. Yallig’lanish tugunlar atrofidagi to’qimalarni qamrab oladi.
  3. Nekrotik o’zgarishlar — shikastlangan tugunlar qorayadi.

Surunkali gemorroy — tugunlarning og’riq sindromi zaif sezilishi bilan ifodalanadigan yallig’lanish. Bu holat muammo «ahamiyatsiz» ekanligi haqida soxta taassurot uyg’otadi. Uning kechishida to’rtta bosqich ajratiladi:

  1. Bemor biroz noqulaylik his etadi, ichki tugunlarning yallig’lanishi faqat ko’rik vaqtida aniqlanadi.
  2. Tugunlarning davriy ravishda chiqib qolishi kuzatiladi, bemor hech bir qiyinchiliksiz uni joyiga kiritib qo’yadi.
  3. Chiqib qolgan tugunlarni joyiga tushirish uchun manual yordam kerak bo’ladi.
  4. Tugunlar joyiga qayta kirmaydi.

Gemorroy alomatlari va belgilari

Aksariyat hollarda mazkur kasallik bosqichma-bosqich rivojlanadi. Dastlab bemorda orqa chiqarish teshigi atrofida biroz noqulaylik, og’irlik va qichishish hissi seziladi, ba’zan og’riq va qabziyat qayd etilishi mumkin. Bu hissiyotlar achchiq taomlar, alkogolli ichimliklar iste’moli, ba’zan jismoniy zo’riqishdan keyin kuchayadi.

Kasallikka og’riq sindromi, gemorroidal qon ketish, gemorroidal tugunlarning chiqib qolishi hamrohlik qiladi. Odatiy hollarda qon ketish defakatsiya jarayoni vaqtida yoki undan keyin yuzaga keladi. Qon rangi qizg’ish bo’ladi, biroq, ba’zi hollarda to’q rangli va quyqalar bilan bo’lishi ham mumkin. Tez-tez qon ketishlar natijasida kamqonlik rivojlanadi.

Gemorroyda tugunlar orqa chiqarish teshigi ichida (ichki — bemorga ko’rinmaydi) va tashqi bo’ladi. Ba’zi hollarda bemorda bir vaqtning o’zida ham tashqi, ham ichki gemorroy kuzatilishi mumkin.

Gemorroidal tugunlarning anal teshigidan chiqib qolishi ko’pincha bosqichma-bosqich rivojlanadi. Tugunlar dastlab faqat defakatsiya vaqtida chiqsa, keyinchalik kuchanish, og’irliklar ko’tarish, yo’tal, aksa urish vaqtida ham tasqhariga chiqib qola boshlaydi. Dastlabki bosqichlarda tugunlar osonlikcha joyiga qaytariladi, keyinchalik esa doimiy ravishda anal teshigi tashqarisida joylashadi.

Gemorroyning har qanday bosqichida tugunlarning nekrozi va trombozi rivojlanishi xavfi mavjud, bu klinik tasvirning og’irlashishiga sabab bo’ladi.

Rivojlanish bosqichlari

  • 1-bosqichda orqa chiqarish teshigida gemorroy tugunlarini sezish mumkin, ular qonashi mumkin, ko’p hollarda og’rimaydi;
  • 2-bosqichda tugunlar hojat chiqarish vaqtida tashqariga chiqishi kuzatiladi, lekin biroz vaqtdan keyin o’z joyiga qaytadi;
  • 3-bosqichda bavosil tugunlari har qanday zo’riqishli jismoniy harakat vaqtida tushadi va tugunlar endi o’zi joyiga qaytmaydi, qo’llar yordamida joyiga tushiriladi;
  • 4-bosqichda gemorroy tugunlari doimo orqa chiqarish teshigidan chiqib turadi va joyiga qaytmaydi, ko’pincha qon ketishi mumkin, tromboz rivojlanadi.Tugunlar shikastlanishi, og’riq, orqa chiqarish teshigida shish chaqirishi mumkin, bunday hollarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak.

Tashxislash

Tashxis qo’yish uchun malakali shifokorga palpatsiya (qo’l yordamida tekshirish) qilish yetarli, bu 90% hollarda aniq tashxis qo’yish uchun yetarli bo’ladi. Boshqa hollarda ultratovushli tekshiruv, anaskopiya yoki rektoskopiya o’tkazish kerak bo’lishi mumkin.

Tashqi ko’rikda perianal sohasining terisi holatiga (giperpigmentatsiya, lixenizatsiya, ivish), orqa chiqarish teshigi shakli, chandiqlar va deformatsiyalar, neoplazma va papillomatoz o’smalar mavjudligi, gemorroidal tugunlarning sezilarligi, ulardan qon kelishi kabi ko’rsatkichlarga e’tibor beriladi.

Gemorroyni boshqa xavfli kasalliklar bilan adashtirmaslik kerak. Axlatda qon uchrashi masalan, nafaqat bavosil alomati, balki ichak o’smalari, anal teshigi yorig’i, kolit, poliplar, kandilomalar alomati bo’lishi mumkin. Differentsial diagnostika faqatgina mutaxxasis tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Gemorroyni davolash

Patologiyaning shakliga qarab, gemorroyni davolashda bir nechta yondashuvlar qo’llaniladi:

  • Patologik qabziyat bilan kurashish;
  • Malham, krem va shamchalar shaklida antigemorroidal preparatlar;
  • Skleroterapiya, infraqizil koagulyatsiya, gemorroidal tugunlarni lateksli ligaturalash.
  • Gemorroidektomiya — tugunlarni jarrohlik usulida olib tashlash;
  • Minimal invaziv operatsiyalar (transanal gemorroidal dearterilizatsiya, Longo bo’yicha operatsiya);
  • Qon ketishini to’xtatish uchun gemostatiklar, trombozlarni oldini olish uchun antikoagulyantlar.
  • Fitoterapiya;
  • Massaj.

Kasallikning dastlabki bosqichlarida (birinchi va ikkinchi) konservativ terapiya qo’llaniladi: defakatsiya tartibga solinadi, najasning zichlik darajasi normal bo’lishi ta’minlanadi, parhezga amal qilinadi. Ko’proq lavlagi, sabzi, anjir, o’rik, o’tlar, zig’ir, bug’doy kepagi kabi mahsulotlar buyuriladi. Bemorlar ko’proq meva va sabzavot sharbatlari, shu jumladan, suyuqliklar ichishi lozim. Gemorroyning erta bosqichlarida gimnastika mashqlari, hammomlar, og’riq qoldiruvchi shamlar yordam beradi.

Kasallikni davolash asosini flebotrop preparatlar tashkil qiladi. Ular mahalliy venalar tonusini oshirish va kavernoz organlarda qon oqimi va aylanishini normallashtiradi. Bemorga malhamlar, shamchalar shaklidagi preparatlar buyuriladi.

Keyingi bosqichlarida jarrohlik amalga oshiriladi. Bu bosqichlarda gemorroydan faqat jarrohlikdan keyingina to’liq qutulish imkoni bo’ladi. Jarrohlik aralashuvi bemorni vahima solsa ham, juda samarali usul hisoblanadi va qaytalanish ehtimoli minimal bo’ladi.

Xalq tabobati

Kasallikni bunday yo’l bilan davolashni yordamchi usul sifatida qo’llasa bo’ladi, lekin ular kasallikning asosiy davosi sifatida qaralmasligi kerak. Xalq tabobati vositalari bavosil belgilarini yengillashtirishi mumkin, lekin kasallikning sababi bartaraf etilmaydi. Ular tarkibidagi faol moddalar miqdori farmakologik preparatlardagiga qaraganda ancha kam bo’ladi. Bu vositalar juda erta bosqichlarida foyda berishi mumkin, lekin biroz vaqt o’tgach, kasallik yana qaytalanishi ehtimoli yuqori bo’ladi.

Gemorroyni uy sharoitida davolash uchun xalqona vositalar

Dastavval bemor gemorroy mavjudligiga ishonch hosil qilishi kerak. Shuning uchun birinchi navbatda proktologga murojaat qilishi talab etiladi.

Shamchalar

  1. Og’riq va yallig’lanishda xom kartoshkadan qilingan shamcha yordam beradi. Uni o’tkir burchaklarsiz holda, barmoq hajmida qilish kerak. Zarur bo’lsa kungaboqar moyi bilan yog’lanishi mumkin. Sham bilan kun davomida yurish mumkin, harakatga halaqit bermaydi va defakatsiya vaqtida o’zi chiqib ketadi. Bu xuruj olgan kasallik belgilarini susaytirishda yordam beradi, lekin jarayon 10 kun davomida amalga oshirilishi lozim. Kerak bo’lsa, 1-2 oydan keyin muolaja takrorlanadi.
  2. Muzdan shamlar ham gemorroyni alomatlarini oldini olishda yordam beradi. Tibbiy qo’lqopning barmoq qismiga suv to’ldirib, muzlatgichga qo’yiladi, so’ng shamcha erib ketguniga qadar foydalaniladi.

Malham tayyorlash

Og’riq qoldiruvchi malham:

  • Xom lavlagi yoki sabzi qirg’ichdan o’tkaziladi;
  • Chetan mevasi ezib qo’shiladi;
  • 4 qism sariyog‘ yoki vazelin bilan aralashtiriladi;
  • Doka yordamida kerakli joyga qo’yiladi.

Yallig’lanishga qarshi malham:

  • 1 qism asal mumiga 4 qism kungaboqar yog’i va biroz ezilgan piyoz qo’shiladi;
  • Tashqi qo’llash uchun foydalaniladi.

Klizma tayyorlash

  • 4 osh qoshiq shuvoq o’simligi 1 litr suvda 6-7 daqiqa davomida qaynatiladi. Keyin 5-6 soat tindirishga qo’yilib, har kech shu yordamida lavlagi sharbati bilan galma-gal klizma qilinadi. Bu klizma shishni oldini olishda yaxshi samara beradi;
  • Xom kartoshka maydalab 1 osh qoshiq sharbati va 50 ml suvni aralashtirib ignasiz shprits yordamida klizma qilinadi. Klizma og’riq qoldiruvchi va yallig’lanishga qarshi vosita sifatida samarali hisoblanadi.

Qabul qilish uchun vositalar

  • Har kuni 0,5 stakan xom karoshka sharbati iste’mol qilish;
  • 4:2 nisbatda sabzi va ismaloq sharbatlari aralashmasi ovqatdan oldin 2-3 osh qoshiqdan ichish;
  • Qovun sharbati ham ich qotishga qarshi yaxshi samara beradi;
  • Qon ketishini oldini olish uchun tuzlangan karamni me’yorida qabul qilish tavsiya etiladi.

Dorivor o’tlar va o’simliklar

Aloe. Ushbu o’simlikning sharbati yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega va gemorroy xurujidan tezda xalos bo’lishni ta’minlaydi. O’simlikning o’zidan ham, damlamasidan ham foydalanish mumkin. Buning uchun o’ntacha o’simlik bargi bo’laklarga bo’linadi (o’rtacha kattalikda), ustidan bir litr sovuq suv quyiladi va suv hammomida damlama tayyorlanadi. Aloe barglaridan tayyorlangan damlamaga botirilgan kompress yoki o’simlikning o’zi yallig’langan joyga qo’yiladi.

Qayin qatroni. Bu modda qayin po’stlog’idan ishlab chiqariladi va ko’plab shifobaxsh xususiyatlarga ega — antimikrob, yallig’lanishga qarshi va regenerativ. U vanna shaklida ishlatiladi: ikki litr issiq suvda 1 osh qoshiq qatron aralashtiriladi. Vannada suv sovuguncha o’tirish tavsiya qilinadi.

Eman po’stlog’i. Shilliq to’qimalarining yallig’lanish kasalliklarini davolashda juda yaxshi ta’sir qiladigan kuchli shilliq qavatni qoplovchi xususiyatlarga va yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega. Eman po’stlog’idan tayyorlangan damlama inson tanasining shilliq qavatiga tushganda, shilliq qavatni ta’sirlanishdan saqlaydigan himoya qobig’i hosil bo’ladi. Ham kompress, ham suppozitoriy sifatida (sariyog’ bilan aralashtirib) ishlatsa bo’ladi.

Moychechak. Dorivor o’simliklar malikasi o’zining oddiy ko’rinishiga qaramay ko’plab foydali xususiyatlarga ega — uning gullaridan tayyorlangan tindirma yallig’lanishga qarshi, antimikrob, spazmolitik va og’riq qoldiruvchi ta’sirga ega. Bundan tashqari, yallig’lanish jarayonida to’qimalarning regeneratsiyasi tezligini oshiradi. Uni suyuq dori, vannalar va huqna, shuningdek shamchalar shaklida ishlatish mumkin. Buning uchun 1 osh qoshiq moychechak to’plami bir stakan qaynoq suvda damlanadi, hosil bo’lgan damlama sovutiladi va kichik muz uchun shakllarga quyiladi. Shamchani muzlatish uchun shaklni tibbiy qo’lqopning barmoqlaridan yasash mumkin.

Bo’yimodaron. Ushbu o’simlik qon to’xtatuvchi, yallig’lanishga qarshi va yarani bitiruvchi ta’sirga ega va qon ketishi boshlanishi va kasallik xurujida ayniqsa foydali. Bo’yimodaron barglari dorixonada oson topiladi; damlama tayyorlashda berilgan ko’rsatmalarga rioya qilish kerak. Suyuq dori va vanna uchun foydalanish mumkin.

Yodda tuting! Tashxis va davolash kursini proktolog shifokor buyurishi joiz, noto’g’ri va o’zboshimchalik bilan qilingan muolajalar vaziyatni yomonlashtirishi mumkin.

Kasallikni oldini olish

Avvalo, ich qotishini oldini olish uchun taomnomani qayta ko’rib chiqish kerak. Dastlab taomnomaga yetarli miqdorda kletchatka saqlovchi mahsulotlarni kiritish kerak. Bunda me’yorni unutmaslik muhim ahamiyatga ega, ortiqcha kletchatka gaz hosil bo’lishi kuchayishiga olib keladi, bu esa qorin bo’shlig’ida yuqori bosim hosil qiladi.

Katta yoshdagi kishi uchun kletchatka iste’moli miqdori kuniga 25-30 gramm oralig’ida bo’lishi kerak. Agar bunga biron-bir sababga ko’ra erishib bo’lmasa, yetishmayotgan kletchatka o’rnini bioqo’shimchalar yordamida to’ldirish mumkin. Organizmga oziq-ovqat bilan qanchalik ko’p kletchatka tushsa, shunchalik ko’p suv ichish talab etiladi.

Ba’zi oziq-ovqat turlari to’g’ri ichak devorlariga qon kelishini kuchaytirishi mumkin, bu gemorroy alomatlarini kuchaytirishi xavfini tug’diradi. Avvalo bunday mahsulotlarga alkogolli ichimliklar va achchiq taomlar kiradi. Ularning iste’molini batamom cheklash yoki iloji boricha kamaytirish kerak.

To’g’ri ichak orqali axlat zo’riqishsiz o’tishi uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichish lozim: bir kunda 6 stakan.

Fermentlangan oziq-ovqatlarni muntazam ravishda iste’mol qilish tavsiya etiladi — ular barchaga ma’lum bo’lgan achitqi-sut mahsulotlari (qatiq, ryajenka, prostokvasha), yogurt, kimchi va boshqalardir. Fermentlangan oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam iste’mol qilish hazm qilish jarayonini yaxshilaydi, ichakda foydali moddalarining sintezini oshiradi, kislota-ishqor muvozanatini me’yorda ushlab turadi.

Bundan tashqari, Bifidius va Lactobacillus kabi «yaxshi» bakteriyalarli probiotiklar ham ichak peristaltikasini yaxshilaydi. Bir stakan «tirik» yogurt gemorroydagi parhezga mazali va foydali qo’shimcha bo’ladi.

Hojatxonada bo’lishning muayyan qoidalariga rioya qilish kerak:

  • Birinchidan, o’zidan barchasini darhol va birdaniga chiqarib tashlashga urinmaslik (qorin bo’shlig’i ichki bosimining zararli tomoni haqida unutmang).
  • Ikkinchidan, hojatga o’z vaqtida, ya’ni chaqiriq bo’lganidanoq borish maqsadga muvofiq bo’ladi. Toqat qilish odati najasning quruqligini oshiradi, bu esa defekatsiya paytida keraksiz kuchanish va qorin bo’shlig’i ichki bosimining oshishiga olib keladi. Agar bunday muammo yuzaga kelsa, yumshoq ich surgilardan foydalanish mumkin. Lekin ularni ortqicha ishlatilishi ham tavsiya etilmaydi, aks holda to’g’ri ichakda yallig’lanish jarayoni boshlanishi mumkin.
  • Uchinchidan, tizzalar chanoqdan biroz yuqoriroq bo’lishi uchun oyoqlar ostiga stulcha qo’yish mumkin, bu holat axlatni tezroq chiqarishga yordam beradi.
  • To’rtinchidan, hojatxonada uzoq qolmaslik kerak — uzoq vaqt davomida unitazda o’tirishda tananing orqa tomoniga qon kelishi kuchayadi, shu jumladan gemorroidal tugunlarga ham.
  • Beshinchidan, har bir defakatsiyadan keyin yumshoq bolalar sovuni bilan yuvinish tavsiya etiladi — bu gemorroidal tugunlarning yallig’lanishi ehtimolini kamaytirishga yordam beradi.

Gemorroyda jismoniy mashqlar va faol turmush tarzi ko’rsatiladi. Muntazam jismoniy faoliyat tananing yurak-tomir tizimi holatini yaxshilaydi va shu bilan kichik tos sohasidagi venalarga tushadigan bosimni kamaytiradi. Agar bemorning kasbi uzoq vaqt davomida o’tirish yoki tik turishni talab qilsa ham, har soatda qonni tarqatish va kichik tosda uning dimlanishini oldini olish uchun besh daqiqani jismoniy mashqlarga ajratish tavsiya qilinadi.

Jismoniy mashqlar og’irliklar ko’tarish bilan bog’liq bo’lmasligi kerak — bu gemorroyning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek o’tirib-turishlar sonini kamaytirish tavsiya etiladi. Umuman olganda, haftada kamida 2,5 soat jismoniy mashqlar bajarish kerak. Yugurish, yurish, suzish, uzoq sayr qilish bavosilda yaxshi yordam beradi.

23630cookie-checkGemorroy ( bavosil ) kasalligi — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish