29.03.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Homiladorlikdan saqlanish — erkak va ayollar uchun vositalar, usullari

Bugungi kunda «ongli homiladorlik» atamasi ommalashib bormoqda. Bu har bir juftlik chaqaloq tug’ilishi vaqtini ongli ravishda tanlashi huquqini anglatadi. Demakki, ma’lum vaqtlarda jinsiy aloqani cheklamagan holda homiladorlikdan saqlanish talabi ham yuzaga keladi. Buning uchun kontraseptsiya usullari yordamga keladi, ularning samarasi va narxiga qarab ko’plab turlari mavjud. Har birining afzallik va kamchiliklari haqida quyida batafsil.

Homiladorlikdan saqlanish usullari

Dastavval zamnavoiy tibbiyotning asosiy postulatlaridan birini keltirib o’tish joiz: «eng yaxshi davolash usuli — bu profilaktika». Bugungi kunda zamonaviy, samarali va xavfsiz bo’lgan kontraseptsiya usullari juda ko’p. Ularni shartli ravishda guruhlarga bo’lish mumkin:

  1. Homiladorlikdan saqlovchi tabiiy usullar — qoida tariqasida, hayz sikli fazasini aniqlash va jinsiy aloqani to’xtatilishiga asoslanadi. Ular ishonchli emas va jinsiy yo’l bilan yuquvchi kasalliklardan (JYYK) himoya qilmaydi. Shunga qaramasdan, bu usullarga ko’pchilik amal qiladi.
  2. Baryer usullar — homiladorlikni oldini olish uchun samarali bo’lishi mumkin, prezervativlar esa JYYK`dan himoya qilishda ham. Samaradorlik darajasi ulardan to’g’ri foydalanishga bog’liq. Ko’pincha ularni yanada samaraliroq usullar bilan birgalikda qo’llash tavsiya etiladi.
  3. Bachadon ichi vositalari — tarkibida metall (mis, kumush) va gormonlar saqlashi mumkin, ularning ta’siri kimyoviy moddalarning spermatozoidlar va tuxum hujayraga, bachadon bo’yni shillig’iga va endometriyga ta’siri bilan tushuntiriladi.
  4. Gormonal usullar. Bunga oral kontraseptivlar (tabletkalar), plastirlar, vaginal halqalar, implantatlar va favqulotda kontraseptsiya usullari kiradi.

1. Oral kontratseptivlar

To’g’ri qo’llanilganda ushbu dorilarning samaradorligi 99% dan ortiq bo’ladi, odatiy qo’llashda esa 91% gacha. Kombinativ oral kontratseptivlar yoki KOK — ayol organizmiga gormonlar orqali ta’sir qiluvchi vositalar sanaladi.

Bunday vositalarni qo’llashda aniqlik va muntazamlik muhim o’rin tutadi. Ayol preparatni tom ma’noda soatma-soat qabul qilishi kerak, aks holda ajralmalar kuzatiladi. Ta’sirni oldindan aytish mushkul vazifa. Bu turdagi vositalarni homiladorlik va emizish davrida qabul qilib bo’lmaydi.

Bilish muhim
Laktatsion amenoreya — emizish davrida (odatda tug’ruqdan soʻng dastlabki 6 oy ichida) ovulyatsiya sodir bo’lmaydi, demakki homilador bo’lish ham imkonsizdir.

2. Bachadon ichi spirali (BIS)

Kontratseptsiyaning samaradorligi ko’rsatkichni 99,2% dan 99,8% gacha. Bachadon ichidagi spiral urug’lantirilgan tuxum hujayraning implantatsiyasini oldini oladi, gormonal spiral esa homiladorlikdan himoya qiladigan progesteron gormonini chiqarib turadi, bularning barchasi juda yuqori himoyani ta’minlaydi.

BIS — bu oral kontratseptivlar qarshi ko’rsatmaga ega ayollar uchun alternativa sanaladi. Ularni o’rnatishda doimiy jinsiy hamroh mavjudligi va surunkali infektsiyalar yo’qligi talab etiladi.

Kamchiliklari: BIS yallig’lanish va ektopik homiladorlik xavfini oshiradi, og’riqli hayzni keltirib chiqaradi. U uzoq muddatga (5-yilgacha) o’rnatiladi.

3. Prezervativlar

Prezervativning ikki turi mavjud — ayol va erkaklar uchun. Bu nafaqat istalmagan homiladorlikdan, balki jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalardan ham himoya qiladigan yagona kontratseptsiya turi hisoblanadi. Erkaklar uchun mo’ljallangan prezervativlarining samaradorligi — 98%, ayollar uchun mo’ljallangan turida — 95%.

Ushbu usuldan foydalanish ko’proq erkakka bog’liq va uni ishlatishda har doim ham nazoratni saqlab turib bo’lmaydi. Ayollar uchun mo’ljallangan turidan hozirda ko’pchilik ayollar xabardor emas.

Kamchiliklari: moyli moddalar, kremlar yoki zarar tufayli erkak prezervativlarining samaradorligi pasayadi.

4. Gormonal implant va in’yektsiyalar

Gormonal implant qo’l terisi ostiga (kichik plastik sterjen) kiritiladi va implant o’zidan gormonlar chiqarib turadi. Ushbu kontratseptsiya usuli 90-99% hollarda himoya qiladi. U 5 yil davomida ta’sir ko’rsatadi. Gormonal in’yektsiyalar esa har 1-3 oyda bir marta amalga oshiriladi.

Kamchiliklari: gormonal implantdan foydalanganda faqat 5 yildan keyin homilador bo’lish mumkin bo’ladi. Ushbu turdagi kontratseptsiya hayz davrini o’zgartirishi, bosh og’rig’iga, jinsiy maylning pasayishiga va tana vaznining ortishiga olib kelishi mumkin.

Shifokorlar bu turdagi himoya usulini farzandi yo’q ayollarga qo’llashni tavsiya etmaydi.

5. Spermitsidli diafragma

Diafragma — bu ayolning jinsiy a’zolariga kiritiladigan moslashuvchan halqali qalpoqcha. Ushbu usul spermitsidlar — ayolning jinsiy a’zolariga kiritiladigan vaginal shamcha, krem, tabletkalar ko’rinishidagi moddalardan foydalanganda samarali bo’ladi. Spermitsidlar bilan birgalikda diafragma rejalashtirilmagan homiladorlikdan 92-96 foizga himoya qiladi.

Alohida qo’llanganda diafragmaning o’zi 71-88%, spermitsidlar esa 70% gacha samarali hisoblanadi.

Spermitsidlar homiladorlik boshlanishi ehtimolini kamaytirishi mumkin, chunki ular spermatozoid devorlarini parchalab yuboradi, ammo noto’g’ri ishlatilishi tufayli ko’plab nojo’ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin.

Kamchiliklari: diafragma aloqadan keyin kamida 4 soat davomida o’rnida qolishi kerak.

6. Sterilizatsiya

Sterilizatsiyaning erkaklar va ayollarda o’tkaziladigan turlari farqlanadi.

Ushbu usul deyarli 100% kontratseptiv ta’sirga ega. Nojo’ya ta’siri yo’q, sterilizatsiya gormonlarni ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir qilmaydi va hayz siklini buzmaydi. Eng asosiy kamchiligi — jarayonning ortga qaytarib bo’lmasligida.

Ya’ni, sterilizatsiya qilinganidan keyin kelajakda ayol va erkak farzand ko’rishga mutlaqo qodir bo’lmaydi. Shuningdek ektopik homiladorlik xavfi ham mavjud.

7. Kontratseptiv plastir

Ushbu kontratseptiv vosita to’g’ri qo’llanilganda ayolga 99 foiz samaradorlik bilan homiladorlikdan saqlanishga yordam beradi, ammo odatiy qo’llaganda samaradorlik 91% gacha kamayadi. Plastir teriga yopishtiriladi. U o’zidan inson tanasiga gormonlar chiqarib turadi, bu atigi 7 kun davom etadi. Shuning uchun plastirni har hafta almashtirib turish lozim.

Kamchiliklari: tana vazni 90 kilogrammdan ortiq bo’lgan ayollar uchun gormonal plastirlarni qo’llash tavsiya etilmaydi. Bundan tashqari, u tez-tez ko’chib ketishi kuzatiladi.

8. Vaginal halqa

Vaginal halqaning odatiy ishlatilishida 91% samaradorlikka erishilsa, to’g’ri ishlatilish holatlarida u ayolni istalmagan homiladorlikdan 99% samaradorlik bilan himoya qilishi mumkin. Gormonlar qon oqimiga kirib, bir oy davomida homiladorlikdan saqlaydi.

Kamchiliklari: halqa hayz ko’rish tabiatini o’zgartirishi mumkin va qon aylanishining buzilishi va venoz tromboemboliya rivojlanishi xavfi kabi nojo’ya ta’sirga ega.

9. Jinsiy aloqaning to’xtatilishi

Bu kontratseptsiya usulining eng qadimiy turi. Uning mohiyati erkak jinsiy a’zosini eyakulyatsiya sodir bo’lishidan oldin chiqarib olishida. Usulning samaradorligi ovulyatsiyani aniqlashga asoslangan kalendar usul bilan birgalikda qo’llaganda 80% gacha yetadi.

Biroq ba’zi mutaxassislarning fikriga ko’ra bu texnika homiladorlikdan saqlanish uchun maqbul emas va juda past ko’rsatkichli samaradorlikka egaligi tufayli ko’zlangan maqsadga olib kelmasligi mumkin.

Kamchiliklari: Jinsiy aloqaning to’xtatilishi erkaklarda potentsial buzilishlar bilan tahdid qiladi.

Kontratseptivlarni tanlash qoidalari

Kontratseptsiyaning muayyan usullarini qo’llash bo’yicha tavsiyalar mavjud.

Homiladorlikdan saqlovchi vositalarni ularning kamchiligiga qarab tanlash kerak. Yosh davrda infektsiya va homilador bo’lib qolish xavfi mavjud, shuning uchun oral kontratseptivlar bilan birgalikda prezervativ yoki faqat prezervativni o’zini qo’llash yaxshiroqdir. Kattaroq yoshga kelib bachadon ichi spirallaridan foydalanish mumkin.

KOK vositalarni 18-35 yosh oralig’ida qo’llash eng maqbul tanlov sanaladi. 35 yoshdan keyin yosh guruhiga muvofiq tarzda boshqa vositalar tanlash tavsiya etiladi.

Prezervativ har qanday yoshda ishlatilishi mumkin, ammo tug’ruqdan keyingi davrda tavsiya etilmaydi.

3450cookie-checkHomiladorlikdan saqlanish — erkak va ayollar uchun vositalar, usullari