18.11.2025

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Surunkali pankreatit haqida ma’lumot – sababi, belgilari, tasnifi, tashxislash, davolash va oldini olish

Surunkali pankreatit – oshqozon osti bezining progressiv yallig‘lanish-destruktiv zararlanishi bo‘lib, uning tashqi va ichki sekretor faoliyatining buzilishiga olib keladi. Surunkali pankreatit xuruj qilganda qorinning yuqori qismida va chap qovurg‘a ostida og‘riq paydo bo‘ladi, dispepsiya belgilari (ko‘ngil aynish, qusish, jig‘ildon qaynash, qorin dam bo‘lishi) kuzatiladi, teri va ko‘z oqlari sarg‘ayadi. Surunkali pankreatitni tasdiqlash uchun hazm bezi fermentlari tekshiriladi, ultratovush tekshiruvi, RXPG va oshqozon osti bezi biopsiyasi o‘tkaziladi. Davolashning asosiy tamoyillari parhezga rioya qilish, dori vositalari (spazmolitiklar, giposekretor, ferment va boshqa preparatlar) qabul qilishni o‘z ichiga oladi, agar bular samarasiz bo‘lsa, jarrohlik davolash qo‘llaniladi.

Umumiy ma’lumot

Surunkali pankreatit – oshqozon osti bezining uzoq muddatli qaytalanuvchi yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, bez hujayra tuzilishining asta-sekin patologik o‘zgarishi va funksional yetishmovchilikning rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Klinik gastroenterologiyada barcha hazm a’zolari kasalliklarining 5-10 foizi surunkali pankreatitga to‘g‘ri keladi. Rivojlangan mamlakatlarda so‘nggi paytlarda surunkali pankreatit «yosharmoqda» – ilgari u 45-55 yoshli kishilarda kuzatilgan bo‘lsa, hozirda ayollarda kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 35 yoshga to‘g‘ri kelmoqda.

Erkaklar surunkali pankreatit bilan ayollarga qaraganda biroz ko‘proq og‘riydi. So‘nggi paytlarda spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish oqibatida pankreatitning ulushi ushbu kasallikning rivojlanish omillari orasida 40 foizdan 75 foizgacha oshgan. Surunkali pankreatit fonida oshqozon osti bezida xavfli o‘smalar paydo bo‘lishi holatlari ham ko‘payishi qayd etilgan. Surunkali pankreatitning qandli diabet kasalligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligi tobora ko‘proq kuzatilmoqda.

Sabablari

O‘tkir pankreatitda bo‘lgani kabi, me’da osti bezining surunkali yallig‘lanishi rivojlanishining asosiy sabablari spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish va o‘t-tosh kasalligidir. Alkogol bez parenximasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri zaharli omil hisoblanadi. O‘t-tosh kasalligida yallig‘lanish infeksiyaning o‘t yo‘llaridan limfa tizimi tomirlari orqali bezga o‘tishi, o‘t yo‘llari bosimining ortishi yoki o‘tning bevosita me’da osti beziga tushishi natijasida yuzaga keladi.

Surunkali pankreatit rivojlanishiga olib keladigan boshqa omillar:

  • qonda kalsiy ionlari miqdorining doimiy ko‘tarilishi;
  • mukovissidoz;
  • gipertriglitseridemiya;
  • dori vositalarini (kortikosteroidlar, estrogenlar, tiazid diuretiklari, azatioprin) qo‘llash;
  • me’da osti bezi shirasi oqishining uzoq muddatli to‘xtashi (o‘n ikki barmoqli ichak so‘rg‘ichining chandiqli o‘zgarishlari tufayli Oddi sfinkteri o‘tkazuvchanligining buzilishi);
  • autoimmun pankreatit;
  • genetik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan pankreatit;
  • idiopatik pankreatit (sababi noma’lum).

Tasnifi

Surunkali pankreatit quyidagicha tasniflanadi:

  • kelib chiqishi bo‘yicha: birlamchi (alkogolga bog‘liq, toksik va boshqalar) va ikkilamchi (biliar va boshqalar);
  • klinik ko‘rinishlari bo‘yicha: og‘riqli (qaytalanuvchi va doimiy), psevdotumoroz (xolestatik, portal gipertenziya bilan, qisman o‘n ikki barmoqli ichak o‘tkazuvchanligi buzilishi bilan), yashirin (klinik belgilari yaqqol bo‘lmagan) va aralash (bir nechta klinik belgilar yaqqol ifodalangan);
  • morfologik ko‘rinishi bo‘yicha: kalsifikatsiyalanuvchi, obstruktiv, yallig‘lanish (infiltrativ-fibroz), qattiqlashuvchi (fibroz-sklerotik);
  • funksional ko‘rinishiga ko‘ra: giperfermentli, gipofermentli; funksional buzilishlar xususiyatiga ko‘ra gipersekretor, giposekretor, obturatsion, duktulyar (sekretor yetishmovchilik ham yengil, o‘rta va og‘ir darajalarga bo‘linadi), giperinsulinizm, gipoinsulinizm (pankreatik qandli diabet) turlari farqlanadi;

Surunkali pankreatit kechish og‘irligi va tuzilmaviy o‘zgarishlariga ko‘ra og‘ir, o‘rta og‘irlikdagi va yengil turlarga bo‘linadi. Kasallikning kechishida qo‘zish, remissiya va beqaror remissiya bosqichlari ajratiladi.

Belgilari

Ko‘pincha surunkali pankreatit rivojlanishida bez to‘qimalaridagi dastlabki patologik o‘zgarishlar alomatlarsiz kechadi. Yoki belgilari yengil va noaniq bo‘ladi. Kasallik birinchi marta kuchayganida, patologik buzilishlar allaqachon ancha sezilarli bo‘ladi.

Surunkali pankreatitning kuchayishida asosiy shikoyat ko‘pincha qorinning yuqori qismida va chap qovurg‘a ostida og‘riq bo‘lib, u belbog‘ shaklida tarqalishi mumkin. Og‘riq yo kuchli va doimiy, yo xurujsimon bo‘ladi. Og‘riq yurak sohasiga tarqalishi mumkin. Og‘riq sindromi dispepsiya bilan birga kelishi mumkin (ko‘ngil aynishi, qusish, jig‘ildon qaynashi, qorin dam bo‘lishi, ichak gazlari). Surunkali pankreatit xurujida qusish tez-tez, holdan toydiruvchi va yengillik bermaydi. Ich kelishi beqaror bo‘lib, ich ketishi qabziyat bilan almashinib turishi mumkin. Ishtahaning pasayishi va ovqat hazm qilishning buzilishi tana vaznining kamayishiga olib keladi.

Kasallik rivojlanishi bilan qo‘zish tezligi odatda ortadi. Me’da osti bezining surunkali yallig‘lanishi nafaqat bezning o‘zi, balki unga yondosh to‘qimalarning ham shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Ammo kasallikning klinik ko‘rinishlari (alomatlari) paydo bo‘lguncha yillar o‘tishi mumkin.

Surunkali pankreatit bilan og‘rigan bemorlarni tashqi ko‘rikdan o‘tkazganda ko‘pincha ko‘z skleralari va teri qoplamlarining sarg‘ayganligi aniqlanadi. Sariqlik tusi qo‘ng‘irroq (obturatsion sariqlik) bo‘ladi. Teri rangi oqarishi va quruqlashishi kuzatiladi. Ko‘krak va qorinda qizil dog‘lar («qizil tomchilar») paydo bo‘lishi mumkin, ular bosilganda yo‘qolmaydi.

Paypaslab ko‘rilganda qorin epigastriy sohasida o‘rtacha darajada shishgan, me’da osti bezi proyeksiyasi sohasida teri osti yog‘ to‘qimasi atrofiyaga uchragan bo‘lishi mumkin. Qorinni paypaslaganda yuqori qismida, kindik atrofida, chap qovurg‘a ostida, qovurg‘a-umurtqa burchagida og‘riq seziladi. Ba’zan surunkali pankreatit o‘rtacha darajadagi jigar va taloq kattalashuvi bilan kechadi.

Asoratlari

Erta asoratlar quyidagilardan iborat: o‘t oqimining buzilishi natijasida yuzaga keladigan obturatsion sariqlik, portal gipertenziya, oshqozon-ichak traktining ichki a’zolari yaralanishi yoki teshilishi oqibatida paydo bo‘ladigan ichki qon ketishlar, infeksiyalar va infeksion asoratlar (abscess, parapankreatit, retroperitoneal to‘qima flegmonasi, o‘t yo‘llarining yallig‘lanishi).

Tizimli xarakterdagi asoratlar: ko‘p a’zoli patologiyalar, a’zolar va tizimlarning (buyrak, o‘pka, jigar) funksional yetishmovchiligi, ensefalopatiyalar, DVS-sindromi. Kasallik rivojlanishi bilan qizilo‘ngachdan qon ketishi, tana vaznining pasayishi, qandli diabet, oshqozon osti bezining xavfli o‘smalari yuzaga kelishi mumkin.

Tashxislash

Tashxisni aniqlashtirish maqsadida gastroenterolog qon va najas laboratoriya tekshiruvlarini hamda funksional diagnostika usullarini tayinlaydi:

  • Laboratoriya testlari. Kasallikning kuchayish davrida umumiy qon tahlili odatda nospetsifik yallig‘lanish manzarasini ko‘rsatadi. Qiyosiy tashxis uchun qondagi oshqozon osti bezi fermentlari (amilaza, lipaza) faolligiga sinamalar olinadi. Radioimmun tahlil elastaza va tripsin faolligi oshganligini aniqlaydi. Koprogramma ortiqcha yog‘larni aniqlab, oshqozon osti bezining ferment yetishmovchiligi ehtimolini ko‘rsatadi.
  • Instrumental usullar. Oshqozon osti bezi parenximasi (va atrofdagi to‘qimalar) o‘lchami va tuzilishini qorin bo‘shlig‘i a’zolarining ultratovush tekshiruvi, oshqozon osti bezining KT yoki MRT tekshiruvi yordamida o‘rganish mumkin. Ultratovush usulini endoskopiya bilan birlashtirish – endoskopik ultrasonografiya (EUS) bez to‘qimasi va oshqozon-ichak trakti devorini ichkaridan batafsil tekshirish imkonini beradi. Pankreatitda endoskopik retrograd pankreatoxolangiografiya qo‘llaniladi – bunda rentgen kontrast modda endoskopik tarzda o‘n ikki barmoqli ichak so‘rg‘ichiga yuboriladi.
  • Funksional sinamalar. Bezning ma’lum fermentlarni ishlab chiqarish qobiliyatini aniqlash zarur bo‘lganda, o‘sha fermentlar sekretsiyasining maxsus stimulyatorlari bilan funksional testlar o‘tkaziladi.

Davolash

Davolash kasallikning og‘ir-yengilligiga, asoratlarning mavjudligi yoki rivojlanishiga qarab konservativ yoki jarrohlik yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Konservativ terapiya

Parhez davolash. Surunkali pankreatit bilan og‘rigan bemorlarga og‘ir qo‘zg‘alish davrida enteral ovqatlanishdan saqlanish tavsiya etiladi, og‘riq pasayganda 5B-sonli parhez tayinlanadi. Surunkali pankreatitda spirtli ichimliklar iste’moli qat’iyan man etiladi, ovqatlanish ratsionidan achchiq, yog‘li, nordon taomlar, tuzlamalar chiqarib tashlanadi. Qandli diabet bilan asoratlangan pankreatitda – qand miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar nazorat qilinadi.
Surunkali pankreatitning zo‘rayishi o‘tkir pankreatit kabi davolanadi (simptomatik terapiya, og‘riqsizlantirish, zaharlanishni bartaraf etish, yallig‘lanishni kamaytirish, ovqat hazm qilish funksiyasini tiklash).
Alkogol sababli yuzaga kelgan pankreatitlarda spirtli ichimliklardan voz kechish davolashning asosiy omili hisoblanadi va yengil holatlarda simptomlarga yengillik beradi.

Jarrohlik yo‘li bilan davolash

Surunkali pankreatitni jarrohlik yo‘li bilan davolashga yiringli asoratlar (abssess va flegmona), o‘t va me’da osti bezi yo‘llarining tiqilishi, Oddi sfinkterining torayishi, bez to‘qimalarida yaqqol ifodalangan og‘ir o‘zgarishlar (skleroz, ohaklanish), me’da osti bezi kistalari va soxta kistalari, konservativ terapiyaga bo‘ysunmaydigan og‘ir kechishi ko‘rsatma bo‘lishi mumkin.

  • Oddi sfinkteri tiqilib qolganda sfinkterotomiya;
  • tosh tiqilishida me’da osti bezi yo‘llaridagi toshlarni olib tashlash;
  • yiringli o‘choqlarni (abssesslar, flegmonalar, kistalar) ochish va tozalash;
  • pankreatektomiya (to‘liq yoki qisman);
  • vazektomiya, splanxektomiya (bez sekretsiyasini boshqaruvchi nervlarni kesib olish operatsiyalari), oshqozonni qisman kesib olish (rezeksiya);
  • katta o‘t yo‘li va o‘t pufagi tomonidan asoratlar bo‘lganda o‘t pufagini olib tashlash;
  • asosiy pankreatik yo‘llardan yukni kamaytirish uchun aylanma o‘t yo‘llarini yaratish usullari (virsungoduodenostomiya va boshqalar).

Prognoz

Kasallik qo‘zg‘alishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalarga amal qilinsa, surunkali pankreatit yengil kechadi va yashab qolish prognozi ijobiy bo‘ladi. Parhez buzilganda, alkogol iste’mol qilinganda, tamaki chekilganda va noto‘g‘ri davolanganda bez to‘qimasida distrofik jarayonlar kuchayadi hamda og‘ir asoratlar rivojlanadi. Ularning ko‘pchiligi jarrohlik aralashuvini talab qiladi va o‘limga olib kelishi mumkin.

Profilaktika

Birlamchi profilaktika choralari:

  • spirtli ichimliklar iste’molini cheklash, to‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha ovqatlanish xurujlarisiz muvozanatli parhez, yog‘li taomlar va uglevodli
  • mahsulotlarni cheklash;
  • chekishni to‘xtatish;
  • yetarli miqdorda (kuniga kamida bir yarim litr) suv ichish;
  • ovqatlanish tarkibida vitaminlar va mikroelementlarning yetarli miqdorda bo‘lishi;
  • oshqozon-ichak tizimi faoliyatining buzilishi bo‘yicha shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish, ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklarini to‘liq va tegishli darajada davolash.

Surunkali pankreatitning zo‘rayishini oldini olish uchun ovqatlanish va turmush tarzi bo‘yicha shifokorning barcha tavsiyalariga rioya qilish, muntazam ravishda (yiliga kamida 2 marta) tekshiruvdan o‘tish lozim. Surunkali pankreatit bilan og‘rigan bemorlarning kasallik remissiyasini uzaytirish va hayot sifatini yaxshilashda sanatoriy-kurortda davolanish muhim ahamiyatga ega.

 

Maqola muallifi : Xalilov Nurilloxon Abdug‘ani o‘g‘li

68780cookie-checkSurunkali pankreatit haqida ma’lumot – sababi, belgilari, tasnifi, tashxislash, davolash va oldini olish