24.04.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

TORCH-infektsiyalar — homiladorlikka ta’siri, tahlillar, davolash va oldini olish

TORCH-infektsiyalar — har qanday yosh va jinsdagi odamlarga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan, ammo faqat homiladorlik uchun tayyorgarlik ko’rayotgan va homilador ayollarga, homila va yangi tug’ilgan chaqaloqlarga nisbatan qo’llaniladigan atama.

Bu guruh infektsiyalar quyidagi kasalliklarni o’z ichiga oladi:

  • T — toksoplazmoz;
  • O — other (boshqa infektsiyalar);
  • R — rubella (qizilcha);
  • C — citomegalovirus (sitomegalovirus infektsiyasi);
  • H — herpes simplex virus (oddiy gerpes virusi)

Homiladorlik paytida TORCH guruhining har qanday infektsiyasi bilan birlamchi infektsiyalanish xavfli sanaladi, shuning uchun bu infektsiyalarga antitanalar mavjudligini aniqlashga qaratilgan qon tahlilini homiladorlikdan oldin topshirish maqsadga muvofiqdir.

TORCH infektsiya nima

Yuqorida ta’kidlanganidek, TORCH bu homila uchun juda xavfli bo’lgan eng keng tarqalgan infektsiyalarning birinchi harflaridan tuzilgan qisqartma sanaladi. Bu guruhga kiruvchi har bir kasallik homila uchun muayyan xavf tug’diradi.

Toksoplazmoz

Hujayra ichida yashovchi obligat protozoy parazit. Parazitning yakuniy xo’jayini mushuklar va mushuksimonlar oilasining boshqa vakillari sanaladi. Bundan tashqari, bu parazit atrof-muhitda keng tarqalgan va boshqa ko’plab sutemizuvchilarda, shu jumladan odamlarda ham aniqlanadi. Dunyo aholisining uchdan bir qismidan ko’prog’i bu parazti tashuvchisidir.

Toksoplazmoz homila uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:

  • Homilaning ona qornida nobud bo’lishi;
  • Gidrosefaliya;
  • Mikrosefaliya;
  • Ensefalit;
  • Intrakranial kalsifikatsiya;
  • Xorioretinit;
  • Ko’rlik;
  • Tutqanoq;
  • Psixomotor yoki aqliy zaiflik.

Sitomegalovirus (CMV)

Dunyodagi eng keng tarqalgan infektsiyalardan biri, gerpes oilasining eng yashirin viruslaridan sanaladi. Sitomegalovirus bilan birlamchi infektsiyalanish homilador ayollar uchun xavflidir, chunki infektsiya rivojlanayotgan embrionga ham o’tishi mumkin.

Agar ayol ancha vaqt oldin yuqtirib olgan bo’lib, infektsiya xuruj olmasa, virusning bo’lajak chaqaloqqa yuqishi ehtimoli juda past.

Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda sitomegalovirus infektsiyasining belgilari quyidagilar:

  • Markaziy asab tizimi shikastlanishi;
  • Sariq kasallik;
  • Trombositopeniya;
  • Bronxit;
  • Mononukleoz;
  • Psixomotor va aqliy zaifliklar;
  • Progressiv karlik.

Qizilcha

Sog’lom odamga bemordan ko’pincha havo tomchilari orqali yuqadigan yuqumli virusli kasallik. Qizilcha deyarli zararsiz bo’lgan «bolalar» infektsiyasi sanalib, qoida tariqasida, bu hech qanday jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Biroq agar homilador ona qizilcha yuqtirib olsa, bu zararsiz infektsiya homilaning nobud bo’lishiga olib kelishi mumkin. Homiladorlikning dastlabki bosqichida qizilcha virusi ko’pincha homilaning asab to’qimalari, ko’z to’qimalariga va yuragiga ta’sir qiladi.

Birinchi trimestrda homilador ayollarda qizilcha aniqlanishi — bu abort uchun ko’rsatma sanaladi.

Agar qizilcha infektsiyasi homiladorlikning ikkinchi yoki uchinchi trimestrida yuqsa, homila uchun tuzatib bo’lmaydigan oqibatlar, qoida tariqasida, yuzaga kelmaydi, ammo shunga qaramay uning o’sishi sekinlashishi va boshqa buzilishlar kuzatilishi mumkin. Bunday hollarda restorativ terapiya, yo’ldosh yetishmovchiligini oldini olish choralari o’tkaziladi.

Tug’ma qizilcha sindromi quyidagicha namoyon bo’lishi mumkin:

  • Tug’ilganda tana vaznining kamligi;
  • Ko’zning shikastlanishi;
  • Karlik;
  • Tug’ma yurak nuqsonlari;
  • Tug’ma aqli zaiflik.

Gerpes

Va nihoyat, TORCH infektsiyalaridan oxirgisi — bu gerpes. Umuman olganda, gerpes kasallik ham emas, balki virusli infektsion kasalliklardan iborat butun guruh hisoblanadi. Oddiy gerpes viruslarining ikki guruhi ma’lum — I va II tip:

  • I tipdagi gerpes, ayniqsa, ko’pchilikka ma’lum bo’lgan lablardagi «uchuq» ko’rinishida namoyon bo’ladi
  • II tipdagi gerpes ko’p hollarda jinsiy a’zolarga ta’sir qiladi (urogenital gerpes deb ataladi).

Gerpes havo tomchilari orqali va jinsiy yo’l bilan, shuningdek, «vertikal ravishda», ya’ni homilador onadan yo’ldosh orqali homilaga o’tishi mumkin.

Kasallik uzoq surunkali kechish shaklida bo’lsa, har ikki turdagi gerpes nafaqat teri va shilliq qavatlarning shikastlanishida, balki markaziy asab tizimi, ko’zlar va ichki a’zolarda ham o’zini namoyon qilishi mumkin. Homiladorlik paytida gerpes bilan birlamchi infektsiyalanishda, homilaning barcha a’zo va tizimlari vujudga kelayotganda gerpes infektsiyasi homila uchun juda xavfli sanaladi.

Bundan tashqari, prenatal davrda homilaning gerpes bilan infektsiyalanishi quyidagilarga olib mumkin:

  • Tug’ilishdan keyin bolaning o’limi bilan bog’liq jiddiy asoratlar;
  • Bolalar serebral falajligi;
  • Epilepsiya;
  • Ko’rlik;
  • Karlik.

Tashxislash

TORCH infektsiyasi qonda toksoplazmoz, qizilcha, sitomegalovirus va gerpes qo’zg’atuvchilariga nisbatan IgM, IgG sinfi antitanalari borligi tekshirish orqali tashxislanadi. Bunda patogenlarga nisbatan hosil bo’lgan antitanalar kontsentratsiyasi aniqlanadi.

Agar antitanalar mavjud bo’lsa, bu bemor kasal ekanligini anglatmaydi. Bu ko’rsatkich uning bir paytlar ushbu infektsiya bilan kasallanganligi va hozirda unga qarshi immuniteti borligini anglatishi mumkin.

Ammo, agar ma’lum bir infektsiyaga qarshi antitanalar soni juda ko’p bo’lsa yoki vaqt o’tishi bilan ko’payib borsa, bu infektsion jarayonning faolligini ko’rsatadi. Bundan tashqari, klinik jihatdan kasallik o’zini namoyon qilmasligi yoki xira, aniq bo’lmagan shaklida namoyon bo’lishi ham mumkin.

Kasallikning tashqi ko’rinishining jiddiyligi uning homilaga xavfli ta’siri bilan bog’liq emas. Kasallikning aniq namoyon bo’lishida homila sog’lom bo’lib qolishi va aksincha, klinik ko’rinish kuzatilmagan taqdirda — homila jiddiy shikastlanishi yoki shikastlanmasligi mumkin.

Qonda IgM antitanalari infektsiyalanishdan 2-4 hafta o’tgach paydo bo’ladi va 3-9 oydan keyin yo’qoladi. 3-4 haftaga kelib IgG antitanalari paydo bo’ladi, ularning konsentratsiyasi asta-sekin ko’tarilib, infektsiyadan 2-5 oy o’tgach, cho’qqiga chiqadi. IgG antitanalari qonda uzoq vaqt saqlanib turadi, ba’zan esa butun hayot davomida.

Agar homiladorlikni rejalashtirgan ayolda, shuningdek, 12 haftalikkacha qadar bo’lgan homilador ayollarda IgM antitanalariga salbiy va IgG antitanalariga ijobiy natija aniqlansa, bu infektsiyaga qarshi immunitet mavjudligidan dalolat berishi mumkin.

Agar aksincha, IgM antitanalariga tahlil ijobiy natija, IgG antitanalariga esa ijobiy / manfiy natija aniqlanadigan bo’lsa, buna hozirda o’tkir jarayon borayotganini taxmin qilish mumkin. Bunday holda, IgG sinfidagi antitanalarning avidlik testi o’tkaziladi, bu kasallikning davomiyligini aniqlashga yordam beradi, bu homiladorlikning 12 haftasiga qadar ehtimoliy infektsiyada ayniqsa muhimdir:

  • Past avidlik (33% dan kam) birlamchi infektsiyalanish 3 oy oldin sodir bo’lganligi ehtimolini anglatadi.
  • O’rtacha avidlik ko’rsatkichi (33-66%) infektsiyalanish yaqinda sodir bo’lganini istisno etmaydi, ammo yetuk IgG antitanalari to’liq shakllanmay qolgan infektsiyalanishga dalolat berishi ham mumkin.
  • Yuqori avidlik (66% dan yuqori) tadqiqotdan birlamchi infektsiya sodir bo’lganligiga 3 oydan oshganligi, bemorda esa ishonchli immunitet mavjudligini bildiradi.

Homiladorlikning 12-haftasidadn keyingi muddatlarda homilador ayolda IgM antitanalariga salbiy va IgG antitanalariga ijobiy ko’rsatkich aniqlansa, bu holda ham IgG avidligi uchun qon tahlili zarur bo’ladi. Chunki tahlil IgG sinf antitanalari qaysi vaqt rivojlanganligini ko’rsatib bera olmaydi, o’tkir infektsiya esa homiladorlikning erta bosqichlariga to’g’ri kelgan bo’lishi ehtimoli mavjud.

Oldini olish

Homiladorlikni rejalashtirishdan oldin, shuningdek homiladorlikning erta muddatlarida TORCH kompleksi qo’zg’atuvchi agentlariga nisbatan antitanalar mavjudligini aniqlash uchun qon tahlili topshirish juda muhimdir.

Agar homiladorlikdan oldin ayolning qonida ushbu infektsiyalarga IgG sinfidagi antitanalar aniqlansa, ayol bemalol homilador bo’lishi mumkin — bu infektsiya uning homilasiga tahdid solmaydi. Agar homiladorlikdan oldin TORCH kompleks infektsiyalariga ushbu antitanalar aniqlanmasa, ayol o’zini va bolasini himoya qilishi kerak.

Toksoplazmoz bilan infektsiyalanishni oldini olish uchun:

  • Mushuklar bilan aloqani (yosh mushuklar ayniqsa xavflidir) va mushuklar hojatlarini tozalashni bekor qilish;
  • Yerga ishlov bermaslik yoki faqat qo’lqop bilan ishlash;
  • Ishlatishdan oldin barcha sabzavotlarni, mevalarni, ko’katlarni yaxshilab yuvish;
  • Xom go’sht bilan aloqa qilmaslik;
  • Barcha go’shtli taomlarni yaxshilab qaynatilishi yoki qovurilishini nazorat qilish.

Qizilcha profilaktikasi uchun kasallikka qarshi vaktsina olish tavsiya etiladi (vaktsinadan keyin homiladorlikni kamida 3 oydan keyin rejalashtirish mumkin).

Sitomegalovirus va gerpes virusi uchun aniq profilaktika choralari mavjud emas, shuning uchun himoya antitanalari bo’lmagan ayollarda ushbu infektsiyani yuqtirib olish xavfi mavjud. Infektsiya manbasini istisno qilish uchun bolaning otasini ham sitomegalovirus va oddiy gerpes virusi II ga qarshi antitanalari mavjudligi predmetiga tekshirish lozim.

2660cookie-checkTORCH-infektsiyalar — homiladorlikka ta’siri, tahlillar, davolash va oldini olish