05.12.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Yurak og’rishi sabablari va o’ziga xos belgilari

Yurak og‘rishi sabablari va o‘ziga xos belgilari

Yurakdagi og‘riqlar ichki a’zolarning zararlanishi oqibatida kelib chiqadi. Ko‘krak qafasining suyak-tog‘ay sistemasi, mushak-fassiya sindromlari, umurtqa pog‘onasi kasalliklari va periferik nerv tizimi yoki psixogen holatlarida kuzatiladi. Yurak og‘riqlari quyidagi kasalliklarda kelib chiqishi mumkin: stenokardiya, miokard infarkti, mitral klapan prolaps, hilpillovchi aorta anevrizmasi, o‘pka arteriyalari tromboemboliyasi, plevrit, pnevmoniya, o‘pkaning yomon sifatli o‘smalari, hazm qilish tizimidagi kasalliklar (oshqozon, o‘n ikki barmoq ichak yara kasalliklari, pankreatit, xolesistit), diafragma absesslarida.

Qaysi kasalliklarda yurak sohasida og‘riq bo‘ladi?

Yurakning koronar zararlanishlari

Miokard ishemiyasi (angina pectoris) — to‘sh ortida bosim his qilish, jismoniy mashq qilganda chap qo‘l sohasiga og‘riq tarqalishi, ayniqsa ovqatlanganda yoki emotsianal holatlarda. Diagnostikani aniqlashtirish uchun nitroglitserin yoki dam olish bilan oydinlashtirsa bo‘ladi.

Miokard infarkti — belgilar miokard ishemiyasi kabi yuzaga keladi, lekin davom etish vaqti uzoqroq (30 daqiqaga yaqin). Dam olish yoki nitroglitserin bunda yordam bermaydi. Bunday holatda III va IV yurak tonlari eshitiladi.

Yurakning nokoronar zararlanishlari

Miokardit — miokardit bilan kasallanganlarning 75-90 % ida og‘riq kuzatiladi. Yurak sohasida bosimli, simirlovchi og‘riqlar kuzatiladi. Jismoniy mashq bilan bog‘liq bo‘lmaydi, kunning ikkinchi yarmida og‘riq kuchayishi mumkin. Nitratlar og‘riqni qoldirmaydi. Yurak EKGsi o‘zgarishlari va og‘riq orasida aniq bir bog‘liqlik bo‘lmaydi.

Perikardit — perikarditda yurak sohasidagi og‘riqlar odatiy hol hisoblanib, og‘riqning o‘ziga xos jihatlari borligi bilan ajralib turadi. Ko‘pincha og‘riq kasallik boshlanish davrlarida kuzatiladi. Perikard bo‘shlig‘ida ma’lum miqdordagi suyuqlik yig‘ilganda og‘riq simptomi kuzatilmaydi, shuning uchun perikarditda og‘riq davomli emas.

O‘tkir quruq perikarditda og‘riq ko‘proq yurak cho‘qqisi turtkisi sohasida kuzatilasada, og‘riq vaqt o‘tishi bilan butun perikardga ya’ni yurakning butun qismiga tarqalishi mumkin. Kam holatlarda og‘riq epigastra va qovurg‘a osti sohalarida kuzatiladi. Og‘riqning chap qo‘l, yelka va kurak osti sohasiga ko‘chishi bu kasallik uchun xarakterli emas. Bunda og‘riq kuchsiz, siqib ushlab turganga o‘xshash yoki o‘tkir, kesuvchi xarakterga ega bo‘ladi. Perikarditda og‘riqning o‘ziga xos xarakteridan biri uning nafas olish va tananing holatiga bog‘liqligidir. Nafas olish ko‘pincha yuzaki, chuqur nafas olganda og‘riq bo‘lganligi sababli. Ba’zida bemorlar majburiy holatda bo‘lishadi (o‘tirgan, oldinga biroz egilgan).

Kardiomiopatiya — og‘riq sindromi kardiomiopatiya bilan kasallanganlarning barchasida kuzatiladi, ayniqsa gipertrofik kardiomiopatiyalarda ko‘proq uchraydi. Og‘riq xarakteri kasallikning kechishiga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘pincha og‘riq atipik bo‘lib, jismoniy harakat, nitroglitserindan keyin o‘tib ketmaydigan, davomli bo‘ladi. Og‘riqning lokalizatsiyasi keng variantlarda yuzaga keladi. Ko‘p hollarda og‘riq „epizodli“ keladi, ya’ni spontan ravishda istalgan paytda paydo bo‘ladi.

Yurakning orttirilgan poroklari. Miokard gipertrofiyasi koronar qon tomirlar yetishmovchiligiga olib keladi va miokarddagi moddalar almashinuvini buzadi. Ko‘pincha miokard gipertrofiyasiga sabab aortal klapan poroklarida kuzatiladi. Bunda og‘riq perikardial sohalarda kuzatiladi.

Miokardiodistrofiya — miokardiodistrofiyaning klinik yuzaga chiqishi kam xarakterli va har xil ko‘rinishda bo‘ladi. Og‘riq perikardial sohada kuzatiladi va turli xil variantlarda keladi.

Arterial gipertoniya — gipertonik kasallik va arterial gipertoniya simptomlari perikardial sohadagi tur xildagi og‘riqlar bilan yuzaga chiqadi. Og‘riqning turli xil variantlari farqlanadi. Arterial qon bosimning ortishida aorta devorlarining zo‘riqishi va chap qorincha miokard qavatining mexanoretseptorlari natijasida og‘riq kelib chiqadi. Odatda og‘riq davomli, simillovchi va yurak sohasida og‘irlik hissini chaqiruvchi bo‘ladi.

Neyrosirkulyar distoniya (NSD) — NSD da yurakdagi og‘riq xarakterli belgidir. 4 xil tipdagi og‘riq hissi farqlanadi:

  • Oddiy kardialgiya – simillovchi, kuchsiz, davomli, bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etuvchi , yurak cho‘qqisida yoki perikardial sohada kuzatiluvchi og‘riqlar bo‘ladi, bunday og‘riqlar 95 % kasallarda yuzaga chiqadi. Angionevrotik kardialgiya (25 % bemorlarda uchraydi) – xurujsimon, qisqa muddatli lekin sutka davomida ko‘p marotaba takrorlanuvchi, bosimli va siquvchi, o‘z-o‘zidan o‘tib ketuvchi, odatda validol, nitroglitserin qabul qilinganda o‘tib ketuvchi og‘riqlar kuzatiladi. Bemor xavotirlanadi, nafas yetishmasligi, pulsning ko‘payishini sezadi. EKG da ishemik o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Bu kasallik asosida koronar arteriyalar tonusi pasayishi va giperventilyatsiya yotadi.
  • Xurujli davomli kardialgiya (vegetativ kriz kardialgiyasi) – davomli bosimli, simillovchi, nitroglitserin va validol qabul qilganda yo‘qolmaydigan, qo‘rquv, qaltirash, yurak urishi kuchayishi, hansirash, AB oshishi bilan keladigan og‘riqlar kuzatiladi. Ko‘pincha sedativ vositalar (β-blokatorlar) qabul qilganda o‘tib ketadi. 32 % bemorlarda kasallik og‘ri kechadi. Ularda giperkatexolaminemiya kuzatiladi, psixogen kriz yoki gipotalamus disfunksiyasi tufayli.
  • Simpatik kardialgiya – siquvchi yoki „kuydiruvchi“ og‘riqlar perikardial, to‘sh yoni bo‘ylab kuzatiladi. Og‘riq qo‘l bilan shu sohalar palpatsiya qilinganda kuchayadi (giperalgeziya). Validol va nitroglitserin qabul qilganda o‘tib ketmaydi. Og‘riq paytida xantal qog‘oz (gorchichnik) qo‘yilganda o‘tib ketadi. Og‘riq sababi yurakning simpatik tugunlarning zararlanishidan kelib chiqadi.
  • Psevdostenokardiya (soxta stenokardiya) – bosimli, simillovchi, siquvchi yurak og‘riqlari to‘sh ortida kelib chiqadi. Jismoniy harakat va yurganda kuchayadi. 20 % bemorlarda kuzatiladi. Bunga sabab asosan stress natijasida kelib chiqqan giperventilyatsiya, miokard metobolizmi buzilishidir.

Asab tizimi kasalliklari bilan bog‘liq og‘riqlar

Og‘riq sindromi turli xildagi nevrologik kasalliklar natijasida ham kelib chiqadi. Birinchi navbatda umurtqa pog‘onasi kasalliklari, ko‘krak qafasi old devori va yelka mushaklari zararlanishlari (osteoxondroz, mushak-fassiya sindromlari)da og‘riq bo‘ladi. Bundan tashqari psixovegetativ sindromlarda ham og‘riq paydo bo‘ladi.

Umurtqa pog‘onasi va turli xil mushaklarda kuzatiladigan kasalliklar natijasida kelib chiqadigan og‘riq xarakteristikasi:

Mushak-fassiya yoki umurtqa-qovurg‘a sindromlaridagi og‘riqlar (no visseral):

  • Doimiy lokalizatsiyalangan og‘riqlar;
  • Tana holatiga va shu mushaklarni harakatlantirganda kuzatiladigan kuchli og‘riqlar;
  • Palpatsiyada aniq diagnoz qo‘yish imkoni bo‘ladi: mahalliy zararlanishlarda palpatsiya qilinganda o‘sha joyning o‘zida og‘riq bo‘lishi;
  • Og‘riqlarning mahalliy muolajalar qilinganda kamayishi (xantal qog‘oz, massaj, elektrofizoterapiya, novakain bilan blokada qilinganda).

Radikulyar og‘riq sindromi (qovurg‘alararo nevralgiya):

  • Kasallikning o‘tkir tez boshlanishi;
  • Og‘riqning aniq joyda ekanligi, chunki shu joydagi nerv oxirlari zararlangan bo‘ladi;
  • Bo‘yin va to‘sh sohasi radikulitlarida og‘riqning aynan shu sohadaligi;
  • Umurtqa pog‘onasi harakatga kelganda og‘riq kuchayishi;

Umurtqa pog‘onasi osteoxondrozi

Bu umurtqa pog‘onasi oralig‘idagi disklarning distrofik-degenerativ zararlanishidir. Ko‘pincha pulpoz yadrodan boshlanib, butun disklar bo‘ylab tarqaladi. Diskning degenerativ o‘zgarishlari nerv oxirlarining ikkilamchi zararlanishi ko‘krak qafasida og‘riqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Og‘riq mexanizmi disklarning nerv tolalarini bosishi natijasida, bo‘yin radikulitlarida, nerv tolalarining yallig‘lanishlarida, vegetativ o‘zgarishlarida yuzaga keladi.

Og‘riq xarakteri bo‘yin umurtqalari osteoxondrozida turli xilda va turli xil joylarda paydo bo‘ladi. Bunda og‘riq sanchuvchi, o‘tkir, kesuvchi bo‘ladi. Og‘riq yo‘talganda, bo‘yinni harakatlantirganda kuchayadi. C6 segmentidagi nerv tolalari zararlanganda og‘riq qo‘l sohasida, yelka bo‘gimida, I-II barmoqlarda kuzatiladi, bunda og‘riq bilan birga ularning sezuvchanligi ham ortadi va mushak reflekslari ham susayadi. Ko‘krak sohasi radikulitlarida og‘riq ko‘krak sohasida paydo bo‘ladi, harakatlanganda, chuqur nafas olganda kuchayadi.

Ko‘krak qafasi old devori sindromi ko‘pincha miokard infarkti o‘tkazgandan keyin yuzaga keladi. Bundan tashqari nokoronogen yurak zararlanishlarida ham. Uning asosida yurakning patologik impulslari vegetativ nerv zanjiriga ta’sir qilishi yotadi. Shu bilan birga bu sindrom ko‘krak qafasi miozitlarida ham kuzatiladi. Palpatsiyada ko‘krak qafasi old devorida og‘riq aniqlasa bo‘ladi, ayniqsa trigger nuqtasida (2-5- ko‘krak qovurg‘alari orasi). Yelka-kurak bo‘gimidagi periartritda og‘riq ushbu bo‘gimni harakatlantirganda yuzaga chiqadi. Kuraklararo og‘riq sindromida og‘riq statik va dinamik zo‘riqishda kelib chiqadi. Ko‘krakning kichik mushagi sindromlarida og‘riq III-V qovurg‘alar orasida to‘sh suyagi yonida hosil bo‘lib, yelka sohasiga tarqaladi.

Tits sindromida to‘shga birikkan II-IV qovurg‘alar tog‘ayida og‘riq bo‘ladi. Og‘riq asosida ushbu qovurg‘alar tog‘ayining aseptik yallig‘lanishi yotadi.

Ksifoidiya – to‘satdan to‘sh suyagi asosida, xanjarsimon o‘siq sohasida paydo bo‘ladigan og‘riq bilan kechadigan sindrom.

Psixogen kardialgiya

Bu yurakdagi qandaydir patologiya natijasida kelib chiqqan og‘riqning, kasallik xuruj qilmagan paytda ham o‘z o‘zidan yurak sohasida og‘riq sezish deganidir. Og‘riq ko‘pincha yurak uchki turtkisida, perikardial sohada va chap ko‘krak so‘rg‘ichi sohasida yuzaga keladi. Og‘riq ham turli xil xarakterga ega bo‘ladi, simillovchi, sanchuvchi, kesuvci, o‘tkir, „kuydiruvchi“, siquvchi, to‘lqinsimon, nitroglitserin bilan o‘tib ketmaydigan, ammo validol yoki sedativ moddalar qabul qilganda o‘tib ketadigan bo‘ladi. Og‘riq odatda davomli bo‘ladi, ba’zida qisqa muddatda o‘tib ketadi. Bunda stenokardiyani inkor etish kerak bo‘ladi.

Yurak og‘risa, kimga murojaat qilish kerak?

  • Kardiolog;
  • Pulmonolog;
  • Travmatolog;
  • Ortoped;
  • Reanimatolog;
  • Tez tibbiy yordam shifokori;
  • Onkolog.
Savol: Ba’zida nafasni olayotganimda yuragim sanchib qoladi. Bunday paytda qisqa-qisqa nafas olaman, to sanchish o‘tib ketmagunicha. Bu holat nimadan?

Javob: Sanchuvchi og‘riq paydo bo‘lishing sababi juda ko‘p: yurak kasallanganda, stenokardiya, miokard infarktida, yurak shamollaganida, revmatologik hastaliklar. Nevrozda, ko‘krak qafasi va qovurg‘alar shamollaganida, oshqozon va ichak kasalliklarida esa og‘riq yurak atrofida va kurak atrofida seziladi.
Yurakdagi og‘riq 2 ta asosiy guruhga bo‘linadi:
Anginoz (ishemik, stenokardiya) og‘riqlar hayajonlanganda, jismoniy zo‘riqishda qon oqimining kuchayishida yuzaga keladi. Shuning uchun bu og‘riq yurganda, hayajonlanganda, asabiylashganda paydo bo‘ladi va bu holatda shifokor bilan maslahatlashib, tezda nitroglitserin qabul qilinishi kerak. Ishemik og‘riqlar yondiruvchan, siqiluvchan, qisuvchan bo‘lib, odatda ko‘krak orqasida, o‘ng yelkada, qo‘lda, kurak tagida va jag‘ning pastki qismida kuzatiladi. Og‘riq kuchli nafas qisishi bilan kuzatiladi. Kuchli, ezuvchi, siquvchi, va yondiruvchi ko‘krak orqasida yoki chap tarafida paydo bo‘lgan og‘riq — o‘tkir miokard infarkti darakchisi bo‘lishi mumkin.

Kardialgiya yurak revmotologik xastalanganda, miokarditda, yurakning tashqi pardasi shamollashi — perikardda yuzaga kelib, og‘riq uzoq, sanchiqli, zirqirab og‘ruvchi bo‘ladi va ko‘krakdan chaproqda paydo bo‘lib yo‘talganda va nafas olganda zo‘rayadi.

Agar yurak atrofidagi og‘riq tana egilganda yoki burilganda, chuqur nafas olganda, nafas chiqarganda, qo‘llar harakatlantirilganda paydo bo‘lsa, bu  qovurg‘alarning kasallanganligi bo‘lishi mumkin.
Qovurg‘a orasidagi sanchiqli, noaniq og‘riq asab tizimi kasalligi (nevroz)da ham uchraydi.
Ruhiy zo‘riqish, ruhiy tushkunlikda og‘riq bo‘yin va yelkada bo‘ladi. Bunda “yuragim og‘riyati shekilli” deb kardiologga murojaat etgan bemorni tinchlantirib, boshqa mutaxassislarga uchrash tavsiya etiladi.
Xuddi shunday och qolganda yoki ovqat yeganda og‘riq bo‘lsa, bu oshqozon yoki oshqozon osti bezi kasallanganligining belgisi bo‘lishim mumkin. Og‘riqning sababi umurtqa pog‘onasining ko‘krak qafasi kasalligi yoki osteoxondroz ham bo‘lishi mumkin.
Maslahatimiz holatning aniq sababini aniqlash uchun kardiologga murojaat qiling!

2210cookie-checkYurak og’rishi sabablari va o’ziga xos belgilari