05.12.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Qo’tir — sababi, yuqish yo’llari, alomatlari, tashxislash va davolash

 

Ushbu maqolada biz qo’tir odamlarda qanday ko’rinishini, sababi, uning belgilari va kana bilan kasallangandan keyingi ilk alomatlarni ko’rib chiqamiz. Bundan tashqari, qo’tirni qanday davolash kerakligi, kasallik bilan imkon qadar tez va samarali kurashish usullari haqida to’xtalamiz.

Qo’tir — bu parazitar teri infeksiyasi bo’lib, u qo’tir kanasi yoki qichitqisi (Sarcoptes scabiei) bilan terining shikastlanishi sababli kelib chiqadi. Patogen qo’zg’atuvchi ko’zga oq yoki sarg’ish, ko’knor urug’idan kattaroq bo’lmagan nuqta sifatida ko’rinib turadi.

Odamlarda qo’tirning yuqori yuqumliligi, qo’tir kanasi odamning terisiga kirib olishi uchun qisqa vaqt kerakligi bilan izohlanadi. Ushbu vaqt 15-20 minutni tashkil etadi.

Kechasi urg’ochi kana terida o’ziga yo’l kemiradi va ertalab tuxum qo’yadi. Qo’tir kanasining hayot davri 2-8 hafta. Keyin qo’tirning qo’zg’atuvchisi o’ladi va o’zi kemirgan yo’llarda irib, parchalanadi. Odamlardan tashqarida, qo’tir kanasi suvsizlikdan tez o’ladi. Kechasi qo’tir kanalar faolligi tufayli, oila bitta yotoqdan foydalansa, butun oila uchun yuqish xavfi oshadi.

Qo’tirni qanday yuqtirish mumkin?

Keling, bu qanday kasallik ekanligini batafsil ko’rib chiqamiz. Odamlarda qo’tirning qo’zg’atuvchisi bu — past va yuqori haroratlarga osonlikcha bardosh beradigan, dezinfeksiyaga chidamli va bardoshli bo’lgan maxsus qo’tir kanasidir (odam terisida yashovchi kichik hasharot). Yuqtirish, kasallangan bemor bilan shaxsiy aloqa jarayonida, uning narsalari orqali, jamoat joylarida, jinsiy aloqa orqali sodir bo’ladi.

Urg’ochi kana infeksiya tashuvchisi vazifasini bajaradi. Teri ostiga kirib, o’zi uchun yo’llar kemira boshlaydi va u yerda tuxum qo’yadi. Bir necha kundan keyin tuxum lichinkalarga aylanadi. Ushbu shaklda ular bir yarim hafta turadi, undan keyin lichinkalar katta kanalarga aylanadi.

Qo'tir kanasining ko'rinishi
Foto: health.sb.by

Kasallik o’ta yuqumli bo’lib, inkubatsiya davri 14 kungacha. Qo’tir kasaliga chalingan odamning terisiga biroz teginish yetarli — qo’tir darrov yuqishi mumkin, qo’tirni davolash esa yoqimsiz va uzoq vaqt davom etadi.

Qo’tir alomatlari

Ushbu kasallikni aniqlaydigan, qo’tirning dastlabki belgilarini ko’rib chiqamiz. Agar ushbu alomatlar topilgan bo’lsa, har qanday dermatolog aniqlik bilan qo’tir tashxisini qo’yadi:

Qo’tirning yo’llarining paydo bo’lishi — ular 1 sm uzunlikdagi mayda oqish chiziqqa o’xshaydi, ko’pincha qo’tir orqali kemirilgan kanallar qorin, dumba, oyoq osti, qo’ltiq osti, kaft va tirsaklarda joylashadi. Kechki payt kuchayib boruvchi qichishish bezovta qiladi. Bu kechqurun urg’ochi kana faolligi oshishi bilan bog’liq. Toshmalar va xarakterli qichishish, boshqa oila a’zolarida ham yuqtirgan odam bilan bevosita aloqada bo’lganidan keyin paydo bo’ladi.

Bolalarda qo’tir kasalligi kattalarga qaraganda ancha og’irroq holda kechadi. Qo’tir tashxisi qo’yilganda bolani davolash ko’pincha parazitlarni terining barcha joylaridan, shu jumladan yuz va bosh terisidan olib tashlashni o’z ichiga oladi

Qo’tirning boshqa belgilari

Qo’tirning inkubatsiya davri 10-14 kun davom etadi. Bu vaqtdan so’ng, qo’tir kanasi lichinkalari yetilib, ko’payishni boshlaydi. Ammo odamda yuqumli kasallikning birinchi alomatlari qachon paydo bo’lishinii taxmin qilish qiyin. Bunga tanaga kiradigan kananing yoshi va ularning teriga tarqalish tezligi ta’sir qiladi.

Qo’tir paytida tunda kuchayadigan qichishish, shuningdek juftlashgan tugunli-pufakchali toshmalar paydo bo’ladi. Qo’tir yollari ingichka bo’lib, terining ustki qismida bo’rtib chiqqan, zigzag va to’g’ri chiziq shaklida ko’rinishi mumkin bo’lgan chiziqlar holatida bo’ladi. Odatda qo’tir yo’li shaffof pufakcha bilan tugaydi, u yerda kana tanasi ko’rinadi (oq nuqta). Kamdan kam hollarda qichima yo’llarini aniqlash mumkin emas (bu yo’lsiz qichima deb ataladi).

Asosan erkaklarda — barmoqlararo bo’shliq, qorin, tananing yon qismlari, tirsaklar, sut bezlari, dumba va jinsiy a’zolar qo’tirning eng mashhur joylari dir.

Foto: probolezny.ru

Qo’tirni tashxislash

Ko’pincha, qo’tirni aniq tashxislash uchun oddiy vizual tekshiruv yetarli. Ammo, ba’zida barcha alomatlar qo’tir tufayli kelib chiqqanligini mikroskopik tasdiqlash talab qilinadi. Tadqiqot uchun bir tomchi vazelin terining shikastlangan joyiga surtilib, biroz sidirib olinadi. Sidirib olingan teri tekshirilganda parazitlarning o’zi yoki ularning chiqindilari, tuxumlari va najasi topiladi.

Qo’tir kasalligini davolash

Qo’tir kasalini davolash uchun mahalliy dorilar yordamida qo’tir kanasi va uning tuxumlarini yo’q qilish kifoya. Kasallik hech qachon o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi va bir necha oy, bir necha yil davom etishi, ba’zan yomonlashishi mumkin. O’z-o’zingizni davolamang va xalq tabobati usullaridan foydalanmang. Hozirgi vaqtda ushbu kasallikka qarshi kurashish uchun bir qator samarali dorilar ishlab chiqilgan. Dermatologga murojaat qiling va sizga to’g’ri keladigan terapiya buyiriladi.

Shuningdek, uyda qo’tirni samarali davolashda eng yaxshi natijalarga erishish uchun quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:

  1. Tashxis qo’yilganda, kasalning barcha yaqin a’zolari (oila, ish jamoasi) davolanishi kerak.
  2. Qo’tirni davolash paytida bemorlar cho’milmasligi hamda choyshabni yuvmasligi yoki o’zgartirmasligi kerak.
  3. Bemor bilan aloqada bo’lgan kiyimlar va boshqa narsalar dezinfeksiya qilinishi kerak.
  4. Qo’tirga qarshi dorilar nafaqat zararlangan hududlarga, balki butun tanaga ham surtilishi kerak.

Qo’tir malhamini yuz va sochlarga tegmagan holda teriga ehtiyotkorlik bilan, astoydil surtish kerak. Barmoqlar orasiga, qo’l va tirsaklarga ko’proq e’tibor qaratish lozim. Qotirning eng katta lokalizasiyasi ushbu joylarda bo’ladi. Bolalardagi qo’tir yiringli infektsiyaga aylanishi mumkin, shuning uchun bolalarda yuz va bosh terisi ham davolanadi. Qo’tirga qarshi dori bolaning og’ziga va ko’ziga tushmasligi kerak — bu juda xavfli!

Qo’tirni davolash uchun prognoz ijobiydir: agar kasallik aniqlanib, terapiya o’z vaqtida boshlansa, bemorlarning 100% davolanadi

12240cookie-checkQo’tir — sababi, yuqish yo’llari, alomatlari, tashxislash va davolash