Tana harorati oshishi yoki isitma chiqishi, ko‘pincha insonlarni sarosimaga tushib qolishiga sabab bo‘ladi. Haqiqatdan ham tana harorati ko‘tarilishi xavflimi?
Odatda, qaysi kasalliklarda tana harorati ko‘tariladi? Qanday holatlarda tana haroratini tushiruvchi preparatlar qabul qilish kerak?
Bolalarda va keksalarda tana harorati normada qanday ko‘rsatkichlarda bo‘lishi kerak?
Shu kabi savollarga ushbu maqolamiz orqali batafsil javob topishingiz mumkin.
Termoregulyatsiya
Inson tana harorati termoregulyatsiya jarayoni bilan boshqariladi, ya’ni bu funksiya doimiy haroratni ushlab turish vazifasini bajaradi.
Normal holatda, sog‘lom insonda tana harorati gipotalamus ta’siri ostida boshqariladi.
Lekin hozirgi kunda olimlar tomonidan qayd etishicha, tana haroratini boshqaruvchi markazni yagona deb bo‘lmaydi, chunki inson tana haroratiga ta’sir etuvchi bir necha faktorlar bor.
Tana harorati normasi
Barcha «bilgan», tana haroratining normal ko‘rsatkichi – 36,6 °C atrofida. Aslida, tana harorati normada shunday ko‘rsatkichda bo‘lishi kerakmi ?!
Umuman olib qaraganda, 36,6 °C ko‘rsatkich faqatgina o‘rtacha hisoblangan sondir.
Aslida, tana haroratining normal ko‘rsatkichi aniq bir ko‘rsatkichda emas, balki ma’lum diapazon oralig‘ida bo‘ladi – 36,0 °C dan 37,2 °C gacha.
Organizm 37,0 °C haroratda mukammal ishlaydi. Normal tana harorati esa, har insonning yoshiga, jinsiga, vaqtga, jismoniy faolligiga va boshqa bir qancha omillarga bogʻliq holda maʼlum diapazonda oʻzgarib turadi.
Inson o‘z tana haroratini tez-tez o‘lchab turib, o‘zi uchun normal bo‘lgan ko‘rsatkichni bilib olishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Inson yoshi kattalashgan sari temperaturasi pasayib boradi, bolalik davrida esa tana harorati yuqori ko‘rsatkichlarda bo‘ladi. Shuning uchun ba’zi hollarda 36,0 °C kattalar uchun normal hisoblanadi.
Bolalar uchun esa, bu ko‘rsatkich gipotermiya bo‘lib hisoblanadi.
Kattalarda tana harorati
Yosh bolalarda tana harorati tez-tez o‘zgarib turadi, kattalarda esa (16-18 yoshdan boshlab) deyarli stabil bo‘ladi. Lekin sutka davomida kattalarda tana haroratining ko‘rsatkichi bir xil bo‘lmaydi.
Chunki sutka davomida ro‘y beradigan fiziologik o‘zgarishlar ham bor. Masalan, sog‘lom odamning tongi va kechki tana harorati ko‘rsatkichlari 0,5-1,0 °C ga farq qiladi.
Quyidagi jadvalda tana haroratining o‘lchash turiga ko‘ra, 11-65 yosh va 65 yoshdan katta insonlar uchun normal ko‘rsatkichlar keltirilgan.
O’lchash usuli | 11-65 yosh | 65 yoshdan katta |
Og’iz orqali | 36,4-37,6 °C | 35.8-36.9 °C |
Rektal | 37,0-38,1 °C | 36,2–37,3 °C |
Qo’ltiq osti | 35.2-36.9 °C | 35.6-36.3 °C |
Quloq nayi | 35,9-37,6 °C | 35,8-37,5 °C |
Oʻsmirlik davrida – tana haroratining sezilarli oʻzgarib turishi kuzatiladi. Chunki bu davrda insonda gormonal yetilish holatlari kechayotgan boʻladi. Qizlarda tana harorati 13-14 yoshlarida stabil holatga keladi, oʻgʻil bolalarda esa 18 yoshdan keyin stabillashadi.
Odatda, erkaklar tana harorati ayollarnikidan 0,5 °C ga pastroq bo‘ladi.
Tana harorati tashqi muhit ta’sirlarida ham o‘zgarib turadi, masalan jismoniy zo‘riqish vaqtida, ma’lum bir mahsulotlarni iste’mol qilganda (achchiq va o‘tkir mahsulotlar), stress vaqtida, qo‘rqqanda, hatto aqliy mehnat bilan ko‘p shug‘ullanganda harorat ko‘tariladi.
Homiladorlikda tana harorati
Tana harorati boshqarilishi gormonlar nisbati o‘zgarishiga juda sezuvchan, shuning uchun homiladorlik vaqtida ayol kishi temperaturasi oshganligini his etib turadi.
Gormonal o‘zgarishlar deganda, klimaks davri yoki hayz ko‘rish vaqti tushiniladi.
Ayollar o‘z organizmining holati haqida bilishlari, homiladorlik vaqtida tana haroratining kichik ko‘rsatkichlarga o‘zgarib turishini va bu normal holat ekanligini ham unutmasligi kerak.
Masalan, tana harorati 37°C ko‘rsatkichlarda homiladorlikning birinchi haftalarida kuzatilsa, yondosh simptomlar bo‘lmasa, buni ayollarda kechayotgan gormonal o‘zgarishlar bilan tushuntirsa bo‘ladi, odatda progesteron gormoni hisobiga.
Shunday bo‘lsada, homiladorlik vaqtida tana harorati subfebril ko‘rsatkichlarda (37-38 °C) doimiy tursa, bu shifokor huzuriga borishga sabab hisoblanadi.
Bunday holatda maxsus analiz va tekshiruvlardan o‘tish kerak va sitomegalovirus, sil, piyelonefrit, gerpes, gepatit va boshqalarni istisno qilish lozim.
Homiladorlik vaqtida tana harorati ko‘tarilishi mavsumiy O‘RVI kasalliklarida ko‘tarilishi ham mumkin. Bunda mustaqil ravishda o‘z boshimchalik bilan davo choralarini qo‘llamay, shifokor bilan maslahatlashish shart.
Oddiy shamollash holatlari homilaga jiddiy ta’sir qilmasada, gripp bilan kasallanish homila hayoti uchun jiddiy xavf solishi mumkin.
Homiladorlikda gripp holatlarida tana harorati 39 °C gacha ko‘tarilishi mumkin.
Bolalar tana harorati
1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda termoregulyatsiya funksiyasi hali to‘liq shakllanmagan bo‘lganligi sababli, kichik ta’sir natijasida ham tana harorati o‘zgarib qolishi mumkin.
Ayniqsa, 3 oylikkacha bo‘lgan bolakaylarda bu holat tez-tez kuzatiladi.
Ota-onalar tana harorati ko‘tarilganda vahimaga tushib qolishadi. Biroq bolalarda tana haroratining 37-38 °C ko‘rsatkichlarda bo‘lishiga quyidagi omillar ham sabab bo‘lishi mumkin:
- Bolani juda qalin kiyintirish;
- Ko‘p yig‘lashi;
- Kulish;
- Ovqatlanish, sut bilan oziqlanish;
- Bolani 34-36 °C dan yuqori haroratli suvda cho‘miltirish.
Odatda chaqaloqlarda uyqudan keyin harorat biroz pastroq, lekin o‘yin, aktiv harakatlardan keyin tana harorati yana ko‘tariladi.
Shuning uchun tana haroratini o‘lchaganda tashqi muhit omillarini ham inobatga olish zarur. Shunday bo‘lsa ham baland ko‘rsatkichdagi (38 °C) tana harorati, bola uchun xavfli bo‘lishi mumkin.
Quyidagi jadvalda tana haroratining o‘lchash usuliga ko‘ra, 2 yoshgacha va 3-10 yosh bolalar uchun normal ko‘rsatkichlar keltirilgan.
O’lchash usuli | 0-2 yosh | 3-10 yosh |
Og’iz | 35.5-37.5 °C | 35.5-37.5 °C |
Rektal | 36,6-38 °C | 36,6-38 °C |
Qo’ltiq | 34,7–37,3 °C | 35,9-36,7 °C |
Quloq | 36,4-38 °C | 36.1-37.8 °C |
Organizm tanani sovitish uchun ko‘p suyuqlik sarflaydi, natijada bolalarda suvsizlanish holatlari kelib chiqishi mumkin. Suvsizlanish esa, bola hayoti uchun xavfli bo‘lishi, oddiy O‘RVI kasalliklarining pnevmoniyaga o‘tib ketishi, bola hushini yo‘qotishi mumkin.
Bundan tashqari, 5 yoshgacha bo‘lgan ayrim bolalarda, tana haroratining febril (38-39 °C) darajada ko‘tarilishi hisobiga sudorgilar (talvasalar) kuzatiladi.
Agar shu kabi holat bir marta bo‘lsa ham yuzaga kelsa, kelajakda tana haroratining kichik ko‘rsatkichlarda o‘zgarishi ham xavfli bo‘lishi mumkin.
Tana harorati o‘zgarishining xavflari
Inson – issiq qonli jonzot. Bu degani, organizm tana haroratini tashqi muhit faktorlari ta’siridan qat’iy nazar stabil ushlab turadi. Lekin, juda ham past haroratda organizm harorati ham pasayadi, yoki juda issiq ob-havo sharoitida organizm qizib ketishi ham mumkin.
Bunga sabab, organizmning tashqi muhit haroratiga sezuvchanligidir, haroratning 2-3 gradusga o‘zgarishi ham organizmda moddalar almashinuvi, gemodinamika va nerv hujayralarida impulslarining o‘tishiga ta’sir etadi.
Natijada qon bosimi oshadi, es-hushning yo‘qolishi va sudorgi (talvasa) holatlari kelib chiqishi mumkin.
Tana haroratining oshish turlari
Tana haroratining ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklarda, o‘ziga xos bo‘lgan ko‘rsatkichlar bor. Ya’ni ular ma’lum bir diapozon oralig‘ida bo‘ladi. Shuning uchun shifokorlar kasallikka diagnoz qo‘yishda tana haroratining ko‘rsatkichi emas, balki tana haroratining ko‘tarilish turini bilishlari muhimdir.
Tibbiyot sohasida tana haroratining oshishining bir necha xil ko‘rinishlari bor:
- Subfebril – 37 °C dan 38 °C gacha;
- Febril – 38 °C dan 39 °C gacha;
- Baland ko‘rsatkich – 39 °C dan yuqori;
- Kriz holati – hayot uchun xavfli bo‘lgan 40,5-41 °C.
Tana haroratining koʻtarilishi har doim ham kasallikning ogʻirlik darajasini belgilab beravermaydi, bunda qoʻshimcha simptomlarni ham inobatga olish kerak.
Masalan, subfebril koʻrsatkichdagi tana harorati oshishi sil, virusli gepatit, piyelonefrit va boshqa jiddiy kasalliklarda kuzatilishi mumkin.
Baʼzi holatlarda kasallikning xavfli jihati, tana haroratining 37-37,5 °C koʻrsatkichlarida doimiy turishidir. Bu esa, endokrin tizimi tomonidan patologiyalar va yomon sifatli oʻsma kasalliklaridan dalolat beradi.
Mavzuga aloqador
Diqqatni jamlay olmaslik va xotira zaifligi sababi
Ich o’tishi ( diareya ) sabablari va davosi. Ich o’tganda nima qilish kerak ?
Issiqda bosh og’rishi sababi nima ?