15.05.2024

Tibbiyot24.uz

Tibbiyot Sayti

Qandsiz diabet — sabablari, belgilari, tashxislash, davolash va kasallik oqibatlari

Qandsiz diabet – antidiuretik gormon yetishmovchiligi yoki ushbu gormonga boʻlgan buyraklar sezuvchanligining pasayishi bilan yuzaga chiquvchi kasallik. Buning natijasida peshob bilan ajralib chiqayotgan suyuqlik miqdori ortadi, doimo chanqash hissi bemorni bezovta qilib turadi.

Agar ajralib chiqayotgan suyuqlik hajmi qoplanmasa organizmda suvsizlanish kelib chiqadi (degidratatsiya), bunda peshob ajralishi koʻpligicha qolaveradi. Qandsiz diabet diagnostikasida kasallikka xos boʻlgan belgilar va qondagi ADG (antidiuretik gormon) miqdorini oʻlchash kerak boʻladi. Kasallik kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida bemor bir necha tekshiruvlardan oʻtishi zarur.

Qandsiz diabet – gipotalamus sabab boʻlgan ADG yetishmovchiligi (chin yetishmovchilik) yoki gipotalamusning ADG sintez boʻlishidagi roli (nisbiy yetishmovchilik) buzilishi reabsorbsiya jarayonini buzadi, yaʼni kamaytiradi, natijada buyraklar orqali ajraladigan suyuqlik hajmi ortadi, peshob zichligi ancha past boʻladi. Qandsiz diabetning yana bir oʻziga xos belgisi bemorda doimiy chanqoq hissi hamda organizm suvsizlanish alomatlarining namoyon boʻlishidir.

Qandsiz diabet kam uchraydigan kasallik, bu patologiyaning uchrash ehtimoli ayollar va erkaklarda bir xil nisbatda va yoshidan qatʼiy nazar yuzaga chiqadi. Kasallik koʻpincha neyroxirurgik aralashuv natijasida ikkilamchi patologiya sifatida rivojlanadi.

Kasallik klassifikatsiyasi

Zamonaviy endokrinologiya sohasida qandsiz diabet rivojlanishidagi qaysi bir tizim oʻzgarishga uchraganligiga asoslanadi. Markaziy (neyrogen, gipotalamo-gipofizar) va buyrak (nefrogen) qandsiz diabet turlari farqlanadi. Markaziy qandsiz diabetda gipotalamusda ADG sintezining kamayishi yoki uning qonga kam miqdorda ajralishi kuzatiladi. Buyrak bilan bogʻliq qandsiz diabet nefronlar distal kanallarining ADG ga sezuvchanligining pasayishi roʻy beradi.

Markaziy qandsiz diabetning oʻzi ham idiopatik (nasliy ADG sintezining kamayishi) va simptomatik (boshqa kasallik natijasida rivojlanadi) turlarga boʻlinadi. Simptomatik qandli diabet inson hayoti davomida rivojlanishi mumkin (orttirilgan), koʻpincha bunga bosh miya jarohatlari, o’sma kasalliklari, meningoensefalit sabab boʻlishi mumkin.

Qandsiz diabetning buyrak bilan bogʻliq turi juda kam uchraydi. Bunga sabab buyrak nefronlarining toʻliq tuzilmaganligi yoki ularning ADG gormoniga sezuvchanligining pasayishidir. Bu patologiya tugʻma boʻlishi yoki nefronlarning dori preparatlari taʼsiri, metobolik oʻzgarishalar natijasida kelib chiqishi mumkin.

Qandsiz diabet sabablari

Koʻpincha qandsiz diabetning markaziy turi uchraydi. Bunga sabab gipotalamo-gipofizar tizimdagi oʻsmalar, neyroxirurgik aralashuvlar, qon tomirlar bilan bogʻliq muammolar, sil, malyariya, sifilis (zahm) sababli zararlanishi boʻlishi mumkin. Idiopatik qandsiz diabetda gipotalamo-gipofizar tizimda organik oʻzgarishlar kuzatilmaydi, gormon sintez qiluvchi hujayralarga qarshi antitelolar ishlab chiqariladi va ular ushbu hujayralarni nobud qiladi.

Qandsiz diabetning buyrak bilan bogʻliq turi rivojlanish sabablariga tugʻma yoki orttirilgan buyrak kasalliklari (buyrak yetishmovchiligi, amiloidozi, giperkalsiyemiya) yoki litiy preparatlari bilan zaharlanish kabi omillar kiradi. Qandsiz diabetning tugʻma koʻrinishi koʻpincha autosom-retsessiv gen orqali oʻtuvchi Volfram sindromi sabab boʻladi, bunda qandsiz diabet bilan bir qatorda, qandli diabet, koʻruv nervi atrofiyasi, karlik ham rivojlanishi mumkin.

Qandsiz diabet belgilari

Qandsiz diabetning tipik belgilariga poliuriya (koʻp peshob ajralishi) va polidipsiya kiradi. Poliuriya – sutkalik peshob miqdorining koʻpayishi (4-10 litr, baʼzida 20-30 litrgacha) bilan namoyon boʻladi. Bunda peshob rangsiz, kam miqdorda tuz saqlaydi va nisbiy zichligining pasayishi (1000-1003) ham kuzatiladi. Doimiy chanqoq hissi esa polidipsiya bilan namoyon boʻladi, organizm suvsizlanadi, yoʻqotilgan suyuqlik hajmi ajralayotgan peshob hajmi bilan teng boʻladi. Qandsiz diabet belgilarining yuzaga chiqish darajasi qondagi ADG gormoni yetishmovchiligi darajasiga bogʻliq boʻladi.

Idiopatik qandsiz diabet odatda oʻtkir boshlanadi. Homiladorlik vaqtida rivojlanish ehtimoli yuqori boʻladi. Tez-tez peshob ajratish uchun hojatga borish tungi uyqu ritmi buzilishiga sabab boʻladi, bundan tashqari nevrotik holatlar, emotsional labillik ham bemorda yuzaga chiqishi mumkin. Bolalarda qandsiz diabet enurez(peshob tuta olmaslik) bilan namoyon boʻlib, keyinchalik bolada boʻy oʻsishi va jinsiy yetilishdagi kamchiliklar kuzatiladi.

Qandsiz diabetning kechki belgilariga buyrak jomchalari, siydik kanali, siydik pufagining kengayishidir. Qandsiz diabetdan aziyat chekadigan bemorda terisi quruq, ter ajralishi, soʻlak ajralishi va ishtahaning pasayishi kuzatiladi. Keyinchalik suvsizlanish, ozib ketish, ko’ngil aynishi, bosh og’rig’i va arterial qon bosimining pasayishi ham kasallik belgilariga qoʻshiladi. Bosh miya bilan bogʻliq oʻzgarishlar, yaʼni gipofizar yetishmovchilik belgilari ham rivojlanadi (pangipopituitarizm). Erkaklarda potensiyaning pasayishi, ayollarda esa hayz siklining buzilishi kuzatiladi.

Qandsiz diabet asoratlari

Ushbu kasallik organizm suvsizlanishiga olib kelishi bilan xavflidir. Suvsizlanishda umumiy holsizlik, taxikardiya, koʻngil aynishi, psixik oʻzgarishlar, qonning quyuqlashib ketishi, kollaps holatiga tushish, arterial bosimning pasayishi hamda nevrologik oʻzgarishlar bilan kechadi. organizmda kuchli suvsizlanish roʻy bersa ham peshob ajralishi koʻpligicha qoladi.

Diagnostika

Qandsiz diabetga shubha qilish uchun doimiy kuchli chanqoq hissi va sutkalik ajralayotgan peshob hajmining 3 litrda koʻpligidir. Sutkalik ajralayotgan peshob hajmini aniqlash uchun Zimnitskiy sinamasi oʻtkaziladi.

Peshob analizida siydikning nisbiy zichligi pastligi, giperkalsiyemiya va gipokaliyemiya holatlari aniqlanadi. Qandli diabetdan farqlash maqsadida och qoringa qondagi glyukoza miqdorini tekshirish kerak boʻladi. Diagnostikani tasdiqlash uchun qonda ADG miqdori tekshiriladi va uning miqdori normadan past holatda ekanligi aniqlandi.

Kasallik sababini aniqlash maqsadida rentgenografiya, psixonevrologik, oftalmologik tekshiruvlar oʻtkaziladi. MRT yordamida bosh miyadagi oʻzgarishlar hamda oʻsmalar aniqlanadi. Qoʻshimcha sifatida buyraklar UTT (UZI) tekshiruvi va KT oʻtkaziladi. Baʼzida buyraklardan biopsiya olinadi va mikroskop ostida uning hujayraviy oʻzgarishari aniqlanadi.

Qandsiz diabet davosi

Simptomatik qandsiz diabet davosi kasallikka sabab boʻluvchi asosiy patologiyani davolash orqali (masalan oʻsmalar) amalga oshiriladi. Qandsiz diabetning har qanday koʻrinishida ham ADG gormoni oʻrnini bosuvchi preparatlar buyuriladi. Gipotalamo-gipofizar tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun antidiuretik gormon sintezini kuchaytiruvchi dori preparatlar qabul qilish tavsiya etiladi.

Tuz-suv balansini tiklash maqsadida infuzion terapiya oʻtkaziladi. Buyraklar zoʻriqmasligi uchun ovqatlanishda oqsilga boy boʻlgan mahsulotlar isteʼmoli kamaytiriladi, uglevod va yogʻ​ga boy boʻlgan mahsulotlar isteʼmol qilish koʻpaytiriladi.

Qandsiz diabet oqibati

Biror bir kasallik natijasida rivojlangan qandli diabet koʻpincha asosiy kasallikni davolagandan soʻng oʻtib ketadi. Idiopatik qandli diabet esa uzoq muddat davom etadi va kam holatlarda toʻliq davolanadi.

Toʻliq sogʻayish oʻsmalarni olib tashlaganda, sifilis, sil, malyariya sababli rivojlangan kasalliklarni bartaraf etganda kuzatiladi. Toʻ​gʻri buyurilgan gormonal terapiya yordamida bemorlarda mehnat faoliyati saqlanib qoladi. Bolalarda buyraklar bilan bogʻliq boʻlgan qandli diabet oqibati ijobiy kechadi.

5890cookie-checkQandsiz diabet — sabablari, belgilari, tashxislash, davolash va kasallik oqibatlari